Dunyo mamlakatlaridagi internet erkinligi darajasi yangilandi. O‘zbekiston qaysi pog‘onadi?

Olam

image

Dunyo mamlakatlarining internet erkinligi darajasi bo‘yicha reytingi yangilandi. Bu haqda Freedom House xalqaro inson huquqlari tashkiloti e’lon qilgan “Internet tarmog‘idagi erkinlik” (Freedom on the Net) yillik hisobotida so‘z boradi.

Hisobot internet tarmog‘ining erkinligi, qisman erkin yoki umumun erkin emasligi singari 3 ta toifaga ajratilgan holda 72 ta davlatni qamrab olgan. 2023 yil iyunidan 2024 yil mayigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan joriy tadqiqotga ko‘ra, ushbu davlatlarning 27 tasida internetdagi erkinlik kamaygan, 18 tasida esa yaxshilangan. Yil davomida eng katta pasayish Qirg‘izistonda, undan keyin Ozarbayjon, Belarus, Iroq va Zimbabveda kuzatilgan.

Ozarbayjon, Qozog‘iston, Belarus, Rossiya, Xitoy, Eron, Myanma, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA, Venesuela va Vetnam singari davlatlar internet tarmog‘i erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida qayd etildi. Ular orasida 100 ballik sistemada 27 ball olgan O‘zbekiston ham bor.

Xitoy va Myanma dunyodagi eng yomon internet erkinligiga ega davlat sifatida qayd etilgan. Internet erkinligida peshqadamlar – Islandiya va Estoniya bo‘ldi. Shuningdek, ular orasida Armaniston, Fransiya, Kanada, Gruziya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Janubiy Afrika, AQSH va Buyuk Britaniya ham bor.

Hisobotda qayd etilishicha, oxirgi 14 yil davomida dunyo bo‘ylab internet erkinligi darajasi izchil pasayishda davom etmoqda. Internetdagi erkinlik darajasiga ta’sir etuvchi asosiy sabablar qatorida saylovlarga aralashish va internetda o‘z fikr-mulohazalarini erkin bildirish uchun repressiyalarning kuchayishi keltirilgan.

Dalillarga ko‘ra, 2023 yilda kamida 43 mamlakatda odamlar o‘z fikrini bildirgani va internetda faol bo‘lgani uchun hujumga uchragan yoki o‘ldirilgan. 

Kamida 41 mamlakat hukumatlari hisobotning 2023 yil iyunidan 2024 yilning mayigacha bo‘lgan davr mobaynida siyosiy, ijtimoiy va diniy nutqlarni o‘z ichiga olgan veb-saytlarni bloklagan. Misol uchun, Qirg‘izistonda hukumat “Kloop.kg” mustaqil OAV veb-saytini qamoqdagi muxolifatchining hibsdagi qiynoqlar haqidagi iddaolari haqida xabar bergani uchun blokladi. Keyinroq rasmiylar shoxobchani boshqaradigan soyabon tashkilotni to‘liq tugatishni buyurdi, bu esa odamlarning hukumatdagi korrupsiya va huquqlarning buzilishiga oid tergov hisobotlariga kirishini yanada qisqartirdi. Kamida 25 mamlakatda hukumat butun ijtimoiy media va aloqa platformalariga kirishni chekladi.

Ma’lumot uchun, tarmoqdagi erkinlik indeksi har bir mamlakatning internet erkinligi darajasini o‘lchaydi. U xalqaro ekspertlar bilan maslahatlashgan holda inson huquqlariga oid ko‘plab masalalarni onlayn tarzda qamrab olish uchun ishlab chiqilgan. Internetdagi erkinlik xalqaro inson huquqlari standartlariga, xususan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga asoslanadi. Loyiha, ayniqsa, erkin axborot oqimiga e’tibor qaratadi. So‘z erkinligi, ma’lumotlardan foydalanish va shaxsiy daxlsizlik huquqlarini himoya qilishga harakat qiladi. Loyiha, shuningdek, ma’lum bir mamlakatda huquqlarni ta’minlovchi onlayn muhit qay darajada ta’minlanganligini ko‘rsatib beradi.

Bu Internetda inson huquqlari bo‘yicha yillik tadqiqotning 14-nashridir. Loyiha 72 mamlakatda internet erkinligini baholaydi, bu dunyo internet foydalanuvchilarining 87 foizini tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston mobil internet tezligi bo‘yicha dunyoning 141 mamlakati ichida 91-o‘rinni egallagani xabar qilingandi. O‘zbekistonda joriy yilning yanvar oyida mobil internet orqali o‘rtacha yuklab olish tezligi 26,97 Mbit/s, yuklash tezligi esa 11,25 Mbit/s ni tashkil qilgan. 2023 yilda O‘zbekiston internet tezligi bo‘yicha 100 o‘rinni egallagandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston internet erkinligi darajasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing