Dunyo kutgan suhbat. Putin Tramp bilan gaplashishni boshladi
Olam
−
18 mart
7171Bugun, 18 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin amerikalik mavqedoshi Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotni boshladi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tramp Moskva vaqti bilan soat 17:00 (O‘zbekiston vaqtida 19:00) dan boshlab telefon orqali muloqot qilmoqda. Amerika tomoni yetakchilarning suhbati yakunlanganidan so‘ng tez orada uning natijalarini e’lon qilishga va’da bergan.
“Suhbat muvaffaqiyatli o‘tmoqda va hali ham davom etmoqda”, deya yozgan Oq uy ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Den Skavino X ijtimoiy tarmog‘ida.
Bu ikki yetakchining Donald Tramp inauguratsiyasidan keyingi ikkinchi suhbati bo‘ldi. Bungacha ular bir oydan sal ko‘proq vaqt oldin, 12 fevral kuni muloqot qilgan. Bu uzoq vaqtdan beri mamlakatlar o‘rtasidagi birinchi aloqa edi. Ular diplomatik hamkorlikdan tortib sanksiyalar bosimigacha bo‘lgan ko‘plab mavzularni muhokama qildi. Ushbu suhbatda Ukrainadagi mojaroni to‘xtatish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Avvalroq, AQSH yetakchisining maxsus vakili Stiven Uitkoff Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon suhbati yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytgandi. Keyinchalik Trampning o‘zi ham 18 mart kuni Rossiya Prezidenti bilan suhbatlashishni rejalashtirayotganini va suhbat davomida Ukraina mojarosi doirasidagi hududiy va infratuzilmaviy masalalarga alohida e’tibor qaratmoqchi ekanini aytdi.
LiveBarchasi