Putin Tramp bilan deyarli 1,5 soat telefonda gaplashdi
Olam
−
12 fevral
11406Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 12 fevral kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchisi Donald Tramp bilan muzokara o‘tkazdi. Ikki davlat rahbarlarining telefon orqali muloqoti haqida Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifingda ma’lum qildi.
Bu Rossiya va AQSH rahbarlarining so‘nggi uch yildagi ilk suhbati bo‘lgani aytilmoqda. Rossiya Prezidenti Trampdan oldingi prezident Jo Bayden bilan oxirgi marta aynan bir kunda – 2022 yilning 12 fevralida gaplashgan.
“Prezident Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp yaqinda telefon orqali muloqotni yakunladi. Bu juda uzoq telefon suhbati edi, deyarli bir yarim soat davom etdi”, dedi Peskov.
Bildirilishicha, Tramp so‘nggi haftalarda Rossiya Prezidenti bilan gaplashish rejalarini bir necha bor ta’kidlagan. Amerika rahbari Ukrainadagi mojaroga katta e’tibor qaratgan va uni tugatishga yordam berish istagini bildirgan.
Rossiya Prezidenti esa Trampning Moskva va Vashington birgalikda ishlashi kerakligi haqidagi fikriga qo‘shilishini aytgan.
Rossiya va AQSH yetakchilari telefon suhbatida Yaqin Sharqdagi kelishuv, Eron yadro dasturi va Rossiya-Amerika munosabatlarini muhokama qilgan.
Kreml vakilining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yetakchisi AQSH Prezidentini Moskvaga taklif qilgan. Putin va Tramp shaxsiy uchrashuv tashkil etishga kelishib olgan.
“Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp ikki davlatning sudlangan fuqarolarini almashish masalasini muhokama qildi, Vashington o‘z majburiyatlari bajarilishini kafolatladi”, dedi Peskov.
Shuningdek, Putin va Tramp Rossiya va AQSH fuqarolarini almashish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgan.
“AQSH Prezidenti Amerika tomoni erishilgan barcha kelishuvlarni bajarishiga ishontirdi”, dedi Peskov.
Uning aytishicha, Putin Tramp bilan suhbatda amerikalik rasmiylarni Rossiyada qabul qilishga, jumladan, Ukraina muammosini hal qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Ukrainadagi kelishuv mavzusi muhokama qilindi. Prezident Tramp harbiy harakatlarni tezda to‘xtatish va muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi”, dedi Kreml vakili.
Putin, o‘z navbatida, mojaroning asl sabablarini yo‘q qilish zarurligini eslatib o‘tdi va Tramp bilan “tinch muzokaralar orqali uzoq muddatli kelishuvga erishish mumkin” degan fikrga qo‘shildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu Putin va Tramp o‘rtasidagi 2020 yil iyulidan beri birinchi marta bo‘lib o‘tgan suhbatdir. Avvalgi suhbat Trampning avvalgi prezidentlik davrida bo‘lib o‘tgan.
Shu bilan birga, bu Rossiya Federatsiyasi va AQSH rahbarlarining 2022 yil fevralidan beri birinchi suhbatidir (o‘shanda Putin Jo Bayden bilan gaplashgan edi).
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp 8 fevral kuni “The New York Post” gazetasiga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashib, Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borishga harakat qilganini aytgandi. Ularning telefonda necha marta gaplashgani so‘ralganda, Tramp “Men bu haqda aytmaslikni afzal ko‘raman” degan. Trampning ta’kidlashicha, Putin jang maydonidagi o‘limlar haqida “haqiqatan ham qayg‘uradi”.
LiveBarchasi