Dunyo iqtisodi uchun eng katta xavf ma’lum qilindi
Olam
−
13 fevral 2019
8513Yevropa global iqtisodiyot uchun eng katta xavf hisoblanyapti. “Bloomberg” agentligi iqtisodchilar orasida so‘rov o‘tkazib, shunday fikrga kelgan.
Ekspertlar Yevropani eng katta muammo deb atash uchun bir qancha sabablarni ko‘rsatib o‘tgan. Asosiylaridan biri sifatida AQSHning Xitoy bilan savdo urushi vaqtida Germaniya va Fransiyada o‘sish sur’atining pasayishi ekani qayd etilgan. Germaniyada ishlab chiqarish kamayyapti, Fransiyada esa talab qisqaryapti. Fransiyadagi holat davom etayotgan “sariq nimchalilar” aksiyalari bilan bog‘liq.
“Agar Fransiya iste’mol, Germaniya esa ishlab chiqarish kamayaversa, yevrohududni jiddiy muammolar kutib turibdi”, degan Allianz sug‘urta kompaniyasining bosh iqtisodchisi Lyudvik Subran.
Shuningdek, qiyinchiliklar Xitoydagi pasayish bilan bog‘liq. Iqtisodchilarning fikricha, rasmiy Pekinda o‘sish uchun energetik loyihalar bilan bog‘liq imkoniyatlar mavjud. Bunday vaziyatda eng katta zarar ko‘ruvchi yana asosiy iste’mol bozoridan ayriluvchi yevropalik yetkazib beruvchilar bo‘ladi. Turli mamlakatlarning kompaniyalari hozirdanoq salbiy oqibatlar bilan to‘qnash kela boshlagan, jumladan, italiyan avtomobil ishlab chiqaruvchisi Fiat va fransuz kosmetika xoldingi L'Oreal.
Tahlilchilar Yevropa ommaviy inqirozni chetlab o‘tishiga umid qilyapti. Bunda Germaniyada ishsizlik darajasining juda ozligi, shuningdek, yevrohududda bir davlatdagi muammolar avtomatik tarzda boshqasiga o‘tmasligi hisobga olinyapti.