Dunyo go‘zali ma’lum bo‘ldi (foto)
Bu qiziq
−
10 mart
123434“Dunyo go‘zali 2024" (Miss World 2024) sifatida 24 yoshli Chexiya fuqarosi Kristina Pishkova tanlandi. Bu haqda kecha, 9 mart kuni Hindistonning Mumbay shahrida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, ushbu tanlovda 115 davlatdan kelgan ishtirokchilar g‘oliblik uchun kurashgan. Natijada, Pishkova dunyodagi eng go‘zal ayol sifatida tanlangan. Ikkinchi o‘rin livanlik Yasmina Zaytunga nasib etdi.
Tanlov veb-saytida Pishkova xalqaro agentliklardan birining talabasi, ko‘ngillisi va modeli sifatida ko‘rsatilgan. Ma’lum qilinishicha, u huquq va biznes boshqaruvi bo‘yicha ikkita oliy ma’lumotga ega. Modelning nomida fond ham faoliyat yuritadi.
“Unga g‘urur baxsh etuvchi lahza o‘zi ko‘ngilli sifatida faoliyat yuritgan agentlik tomonidan Tanzaniyada kam ta’minlangan bolalar uchun ingliz tili maktabini ochish bo‘lgan. U fleyta va skripka chalishni yaxshi ko‘radi, musiqa va san’atga qiziqadi va to‘qqiz yil Badiiy akademiyada tahsil olgan”, deya ta’rif berilgan Pishkovaga.
Dunyo go‘zali esa Afrikaning ayrim mamlakatlarida ta’lim hali ham muammo bo‘lib qolayotganini, shuning uchun u bolalarga saboq berishni o‘zining burchi deb bilishini aytgan.
“Savodsizlikka qarshi kurash umr ko‘rish davomiyligini oshirishga, insonning ko‘plab ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilishi isbotlangan. Bu mintaqada barqarorlikni ta’minlaydi, hayot sifatini yaxshilaydi va shu orqali qit’ani bir necha asrlar davomida qiynab kelayotgan qashshoqlik xavfini kamaytiradi”, degan qiz o‘z tarjimai holida.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirlarida kelib chiqishi ukrainalik 26 yoshli Karolina Sino “Miss Japan” tanlovida g‘olib chiqqan edi. Keyinroq esa uning turli mish-mishlar ortidan sovrindan voz kechgani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi