“Miss World-2026”: dunyoning eng go‘zal ayoli aniqlandi (foto, video)
Madaniyat-san’at
−
12:08 1532 2 daqiqa
Kecha, 5 sentyabr kuni Vetnamda “Dunyo go‘zali-2026” (Miss World-2026) bosh go‘zallik tanlovi nihoyasiga yetdi. Unda Dominikan Respublikasidan Joherri Mola g‘olib bo‘ldi. Bu haqda tanlov saytida xabar berildi.
Xabar qilinishicha, tadbir finali Nyachang markazida ushbu keng miqyosli tanlov uchun yaratilgan eng yirik sahnalardan birida bo‘lib o‘tgan. Yakunda Dominikan Respublikasidan 24 yoshli o‘qituvchi, jurnalist va jamoat arbobi Joherri Mola 73-“Dunyo go‘zali”ga aylangan. U tojni o‘tgan yilgi g‘olib – tailandlik Opal Suchata Chuangsrining qo‘lidan qabul qilib olgan.

Qayd etilishicha, Joherri Dominikan Respublikasiga “Dunyo go‘zali” unvonini oxirgi g‘alabadan 44 yil o‘tib – 1982 yilda Mariasela Alvares toj olganidan so‘ng qayta olib kelgan.
“Men baxtdan yettinchi osmondaman va hali ham yuz berayotgan voqealarni to‘liq anglashga harakat qilyapman. Men juda baxtliman va hozir mamlakatim buni qanday nishonlayotganini ko‘rishni xohlardim. Ular bunga loyiq! Meni oldinda nimalar kutayotganini intiqlik bilan kutyapman – men tayyorman”, deydi yangi “Dunyo go‘zali”.
Tanlovning birinchi vitse-go‘zali ispaniyalik Elizabet Reynes, ikkinchi vitse-go‘zali esa malayziyalik Taanusiya Chetti bo‘lgan. Tanlovda dunyoning turli mamlakatlaridan jami 111 nafar qiz ishtirok etgan.




Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kolumbiya dunyodagi eng go‘zal ayollar yashaydigan mamlakat deb tan olingan edi.