Chexiyada o‘zbekistonliklardan iborat jinoiy guruh qo‘lga tushdi (video)
Olam
−
09 iyul 12277 4 daqiqa
Chexiyada soliq to‘lashdan qochgan 10 kishidan iborat jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Qo‘lga olingan 10 kishidan 8 nafari o‘zbekistonlik ekani aytilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Chexiya politsiyasi bayonot berdi.
Qayd etilishicha, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy markazi kriminal politsiya va tergov xizmati (NCOZ) detektivlari, Bosh bojxona boshqarmasining Plzen qidiruv bo‘limi hamda Bosh soliq boshqarmasining Soliq ma’muriyatchiligida tavakkalchiliklarni boshqarish seksiyasi xodimlari hamkorlikdagi ishchi guruh (ya’ni “Soliq kobrasi” — Daňová Kobra) doirasida raqamli transport platformalari orqali taksi xizmati va shartnomaviy yo‘lovchi tashish sohasidagi uyushgan soliq jinoyatchiligiga qarshi qaratilgan keng qamrovli tezkor tadbirni amalga oshirgan.
Jinoyat kodeksining 361-moddasi 1-qismi (uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etish) va 240-moddasi 1- va 3-qismlari (soliq, yig‘im va shu kabi majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan o‘ta og‘ir jinoyat ishi doirasida, ushbu jinoiy sohada faoliyat yuritgan ikkita guruh a’zolariga nisbatan jinoiy ta’qib boshlangan. Mazkur ikki guruh tarkibida jami 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi va 2 nafar Chexiya fuqarosi qo‘lga olingan.
Bojxona xizmati tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv va undan keyingi tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, uyushgan guruh 2022 yildan 2026 yilgacha bo‘lgan davrda taksi xizmatlarini ko‘rsatuvchi raqamli platformalar orqali shartnomaviy yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat yurituvchi tijorat kompaniyalari tarmog‘ini tashkil etgan va boshqargan. Ushbu tuzilmadan maqsad tizimli ravishda soliq majburiyatlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash va raqobatchilarga nisbatan noqonuniy iqtisodiy ustunlikka ega bo‘lish bo‘lgan.
Bojxonachilar, politsiyachilar va soliq xizmati xodimlari o‘zaro bog‘liq bo‘lgan o‘nlab kompaniyalardan iborat keng ko‘lamli tadbirkorlik tuzilmasi faoliyatini hujjatlashtirgan. Tergovchilarning aniqlashicha, ayblanuvchilar ustav organlarida soxta (soyadagi) shaxslardan foydalangan, yangi kompaniyalar tuzgan, ular o‘rtasida transport vositalari va pul mablag‘larini o‘tkazgan hamda ko‘rsatilgan transport xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilishga mo‘ljallangan bank hisob raqamlarini maqsadli ravishda tez-tez o‘zgartirib turgan.
Tekshirilayotgan sub’ektlar raqamli transport platformalari orqali yuzlab million kron qiymatidagi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirgan. Biroq hozirgi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu daromadlarning sezilarli qismi buxgalteriya hisobida ham, soliq deklaratsiyalarida ham to‘g‘ri ko‘rsatilmagan. Ushbu harakatlar natijasida Chexiya Respublikasiga qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha yuzlab million kron miqdorida zarar yetkazilgan. Xususan, Chexiyada 2023 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan guruhlardan biri 70 million chex kronasi (hatto undan ko‘p) miqdorida zarar yetkazgan. Chexiya hududida 2022 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan ikkinchi guruh esa ko‘rsatilgan davr ichida 230 million kronga yaqin zarar keltirgan.
Tergov, shuningdek, guruh a’zolari o‘rtasida rollar aniq taqsimlanganini ko‘rsatmoqda. Ayrim shaxslar kompaniyalarni boshqarish, haydovchilarni yollash va hamkorlar bilan aloqa o‘rnatishni ta’minlagan bo‘lsa, boshqalari buxgalteriya xizmati, bank hisob raqamlarini boshqarish, yangi firmalarni tashkil etish va butun tuzilmaning ishlashi bilan bog‘liq ma’muriy ishlar uchun mas’ul bo‘lgan.
Ushbu holat NCOZ’ning Bosh bojxona boshqarmasi, Bosh soliq boshqarmasi va Moliyaviy tahlil boshqarmasi (FAÚ) bilan uzoq muddatli hamkorligi natijasidir. Tergovchilar birgalikda juda katta hajmdagi buxgalteriya, bank va soliq hujjatlarini, tijorat reyestrlari ma’lumotlarini va boshqa daliliy materiallarni tahlil qilgan. Hamkorlikda qisman Yevropol ham ishtirok etgan.
Bu uyushgan iqtisodiy jinoyatchilikning xavfli shakli bo‘lib, unda jinoiy harakatlarni sodir etish uchun o‘nlab tijorat kompaniyalari va pul mablag‘larini o‘tkazishning murakkab tizimlaridan foydalanilgan. Mazkur holat jinoiy faoliyatning yuqori darajada uyushtirilgani va uzoq muddatli rejalashtirilganidan dalolat beradi.
Jinoyat ishi doirasida uylarda va boshqa binolarda tintuv ishlari o‘tkazilgan. Elektron ma’lumot tashuvchi vositalar, buxgalteriya hujjatlari va jinoyat ishi uchun muhim bo‘lgan boshqa daliliy materiallar olib qo‘yilgan. Bundan tashqari, 6 million krondan ortiq naqd pul, bank hisob raqamlaridagi 8 million kron va bir nechta yengil avtomobillar xatlangan.
Ayblanuvchilarning yetti nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Sudning qonuniy hukmi chiqqan taqdirda, ayblanuvchi jismoniy shaxslarga 13 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin. Ishni Praga Oliy prokuraturasi nazorat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zini mafiya a’zolaridek tutishga urinib, AQSHning shimoli-sharqiy qismidagi omborxonalardan 4,5 million dollarlik qimmatbaho pishloqlar, sigaretalar va boshqa tovarlarni o‘g‘irlagan bir guruh o‘zbekistonliklar qo‘lga olingandi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust