Rossiyada o‘zbekistonliklar og‘ir sharoitda ushlab turildi (video)
3-sahifa
−
22:20 1169 2 daqiqa
Bugun, 10 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Moskva shahri Kommunarka posyolkasi hududida o‘tkazilgan reyd davomida qo‘lga olingan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining politsiya bo‘limida bir sutkadan ortiq ushlab turilgani aks etgan videolar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, ushlanganlardan 7 nafari O‘zbekiston fuqarosi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar izohida qo‘lga olinganlar orasida ayollar ham borligi, ular bir sutkadan ko‘p vaqt davomida o‘rindiqsiz xonadagi sovuq kafel pol ustida o‘tirish va uxlashga majbur bo‘lgani yozilgan. Shuningdek, bunday og‘ir sharoit tufayli ulardan birining sog‘lig‘i keskin yomonlashib, tili orqaga ketishi oqibatida hushini yo‘qotgani ham aytilgan.
TIV voiziga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi Konsullik bo‘limi xodimlari Moskva shahridagi Migratsiya agentligi vakolatxonasi vakillari bilan birgalikda Moskva shahri “Kommunarskiy” Ichki ishlar vazirligi bo‘limiga chiqib, voqea tafsilotlarini o‘rganish hamda fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rgan.
Rossiya tomoni bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aniqlanishicha, “Kommunarka-1” bog‘dorchilik notijorat shirkati hududidagi xostelda o‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida politsiya bo‘limiga jami 32 nafar xorijiy fuqaro olib borilgan bo‘lib, ularning 7 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.
O‘tkazilgan muzokaralar natijasida 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi ozod qilingan. Yana bir fuqaroga nisbatan migratsiya qonunchiligi talablarini buzgani sababli Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish bo‘yicha belgilangan tartibda qaror qabul qilingan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Kommunarskiy” Ichki ishlar vazirligi bo‘limida fuqaro vafot etgani haqidagi ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiya va Polshada migratsiya qonunchiligini buzgan 27 nafar O‘zbekiston fuqarosi charter reysi orqali Toshkentga olib kelingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi