Dunyo fond bozorlari “quladi”. Tramp aybdorlar kimligini aytdi
Olam
−
09 mart 2020
15781Avvalroq, Rossiya va OPEC o‘rtasida neft qazib olish bo‘yicha kelishuv tuzilma qolishi ortidan dunyoda “qora oltin” narxi 30 foizgacha tushib ketgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 9 mart kuni AQSH fond bozorlarida savdolar koronavirus tarqalishi va neft narxining tushib ketgani sababli pasayish bilan boshlandi.
Savdo boshlanishi bilanoq S&P 500 indeksi 7 foizga tushib ketdi, natijada 15 daqiqadan so‘ng savdolar to‘xtatildi. Bu vaqt ichida Dow Jones indeksi 7,29, NASDAQ Composite indeksi 7,1 foizga pasaydi.
Shevron va Exxon kabi energetika gigantlarining aksiyalari eng ko‘p yo‘qotishga uchradi.
Amerika bozori surunkasiga uchinchi kun pasaymoqda. Uch kun mobaynida Dow Jones 27090,86 punktdan 23979,9 punktgacha (minus 11,48 foiz), NASDAQ 9018,09 punktdan 7987,44 punktgacha (minus 11,43 foiz) tushdi.
Birjalardagi pasayish COVID-19 virusi epidemiyasi hamda Rossiya va OPEC kelishuvining barbod bo‘lishi bilan bog‘liq. Bugungi savdolarda Brent rusumidagi neft narxi bir barrel uchun 36,76 dollarni tashkil etdi.
Osiyo va Yevropadagi indekslar ham tushib ketdi. Hang Seng (Gonkong) indeksi 4,07 foiz, Nikkei (Yaponiya) 225 indeksi 5,77 va Shanxay fond birjasi indeksi 2,11 foizga pasaydi.
Londondagi FTSE 100 indeksi 8,54 foiz, Germaniyadagi DAX 8,09 foiz, Fransiyadagi CAC 40 birjasi indeksi 6,31 foizga tushib ketdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp bu hodisalarda Rossiya va Saudiya Arabistoni, shuningdek, yolg‘on xabarlarni aybladi.
“Saudiya Arabistoni va Rossiya neft narxi va hajmida bahslashyapti. Yana feyk yangiliklar ham bozordagi pasayishning sababi hisoblanadi. Iste’molchilar uchun yaxshi, benzin narxi tushadi”, degan Tramp Twitter sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, neft narxi tushishi ortidan Rossiya milliy valyutasi – rubl kursi ham dollar va yevroga nisbatan qadrsizlandi. Ayni vaqtda 1 dollar 74,67 rubl, 1 yevro 84,53 rublga teng bo‘lib turibdi.
LiveBarchasi