Neft inqirozi: AQSH Rossiya neftiga yana yengilliklar berishga majbur bo‘ldi
Olam
−
18 aprel 5479 2 daqiqa
AQSH Rossiya nefti va neft mahsulotlarini, agar ular tankerlarga yuklangan bo‘lsa, sotishga doir litsenziya muddatini 16 maygacha uzaytirdi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi xabar berdi.
Vazirlik saytida e’lon qilingan litsenziyaga ko‘ra, 2026 yil 17 aprelgacha tanker kemalariga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotish, tashish va tushirishga ruxsat beriladi. Ushbu ruxsat 2026 yil 16 maygacha amal qiladi. Aynan shu sanagacha oldindan yuklangan neft bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish mumkin.
Biroq bu ruxsat faqat 17 aprelgacha yuklangan neftga tegishli. Agar neft yoki neft mahsulotlari ushbu sanadan keyin tankerga yuklangan bo‘lsa, u holda ularga bu litsenziya amal qilmaydi va ular yana sanksiyalar doirasida qoladi.
Shuningdek, bu litsenziya Eron bilan bog‘liq hech qanday operatsiyaga taalluqli emas, ya’ni Eron hukumati, Eron kelib chiqishidagi mahsulotlar yoki xizmatlar bilan bog‘liq har qanday savdo va moliyaviy faoliyat hali ham taqiqlangan.
Bundan oldin AQSH Moliya vazirligi tomonidan berilgan shunga o‘xshash vaqtinchalik ruxsat mavjud edi. U 12 martgacha tankerga yuklangan Rossiya neftiga taalluqli bo‘lib, 11 aprelgacha amal qilgan. Ammo bu litsenziya muddati tugagach, dastlab u uzaytirilmadi.
15 aprel kuni AQSH Moliya vaziri Skott Bessent bunday vaqtinchalik ruxsatnomalarni uzaytirish rejalashtirilmayotganini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, ilgari berilgan litsenziyalar Rossiya va Eron neftini ikkilamchi sanksiyalarsiz sotib olish imkonini bergan, ammo kelajakda bunday imtiyozlar bo‘lmasligi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharqdagi energetik inqiroz fonida Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazini import qilishni oshirgani haqida xabar berilgandi.
Live
BarchasiPashinyanning qushi uchmadi
03 iyun