Dunyo davlatlari Isroilning Eronga hujumiga qanday qaramoqda?

Olam

image

Avvalroq, Isroil Eronning harbiy ob’ektlariga 100 dan ortiq raketalar bilan zarba bergani xabar qilingan edi. Bunga bir qator dunyo mamlakatlari munosabat bildirdi.

Saudiya Arabistoni

Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni Qirolligi Eron Islom Respublikasiga qarshi harbiy hujumlarni keskin qoralashini va ularning suvereniteti hamda xalqaro qoidalar va huquqlarni buzilganini bildirgan.

Vazirlikka ko‘ra, qirollik mintaqadagi keskinlikning davom etishini va mojaroni kengaytirishni rad etuvchi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu harakatlar mintaqadagi davlatlar va xalqlarning xavfsizligi va barqarorligiga tahdid solmoqda.

Ummon Sultonligi

Ummon Tashqi ishlar vazirligi ham o‘z bayonotida Isroil tomonidan Eron hududiga qilingan havo hujumlarni keskin qoraladi. TIV bu mamlakat suverenitetining va xalqaro huquq me’yorlarining qo‘pol buzilishi ekanini, shuningdek, zo‘ravonlik doirasini kuchaytirib, keskinlikni kamaytirish va inqirozlarni tinch va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni puchga chiqarishini bildirgan. Shuningdek, vazirlik hamjamiyatni agressiyani to‘xtatish va mintaqa hamda qo‘shni davlatlardagi bu qo‘pol huquqbuzarliklarni tugatish uchun choralar ko‘rishga chaqirgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari

“Eronni Isroilga qarshi hujumlarini to‘xtatishga chaqiramiz, shunda bu jangovar sikl hech qanday qo‘shimcha keskinlashuvsiz tugashi mumkin”, dedi AQSH Milliy xavfsizlik kengashi vakili Shon Savett.

Savettga ko‘ra, Isroilning javob hujumi o‘zini mudofaa qilish harakati bo‘lgan va faqat harbiy nishonlarga qaratilib, aholi punktlaridan chetda amalga oshirilgan. Shuningdek, u AQSHning operatsiyada ishtirok etmaganini ta’kidlagan va mamlakatning maqsadi diplomatiyani tezlashtirish va Yaqin Sharqdagi keskinlikni kamaytirish ekanini bildirgan.

Oq uyning yuqori martabali amaldoriga ko‘ra, Bayden ma’muriyati Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy almashinuvni yakunlash kerak deb hisoblaydi. AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil operatsiyasi davomida va hujumlar amalga oshirilgan paytda doimiy ravishda xabardor qilingan.

Pentagon vakili Patrik Rayder AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Isroildagi mavqedoshi Yoav Galant bilan suhbatlashganini va AQSHning Isroil xavfsizligi va o‘zini mudofaa qilish huquqiga bo‘lgan kuchli majburiyatini yana bir bor tasdiqlaganini ma’lum qilgan.

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Eronni Isroil hujumlariga javob bermaslikka chaqirib, barcha tomonlarni o‘zini tiyishga undadi.

“Isroil Eron tajovuziga qarshi o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekani aniq. Xuddi shuningdek, mintaqadagi keskinlikning yanada kuchayishining oldini olishimiz kerak va barcha tomonlarni sabr-toqat ko‘rsatishga undayman. Eron bunga javob bermasligi zarur”, dedi u Samoa davlatida bo‘lib o‘tgan Hamdo‘stlik davlatlari rahbarlari yig‘ilishida doirasidagi matbuot anjumanida.

Pokiston

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Isroilning Eron suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qaratilgan harbiy hujumlarini “BMT Nizomi va xalqaro huquqning jiddiy buzilishi” deb atadi.

Vazirlikka ko‘ra, ushbu hujumlar mintaqaviy tinchlik va barqarorlik yo‘liga putur yetkazadi va allaqachon beqaror bo‘lgan mintaqada xavfli keskinlikni kuchaytiradi. Shuningdek, mintaqadagi keskinlik va mojarolarni kuchaytirishga to‘liq javobgarlik Isroil zimmasida qoladi.

Vazirlik BMT Xavfsizlik Kengashini xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun o‘z rolini bajarishga va Isroilning mintaqadagi mas’uliyatsizligi va jinoyatchilik xatti-harakatlarini to‘xtatish uchun zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirdi.

Birlashgan Arab Amirliklari

Fors ko‘rfazi davlati Eronni harbiy nishonga olishni qoralagan va keskinlikning oldini olish uchun maksimal darajada o‘zini tiyish muhimligini ta’kidlagan.

Malayziya

Malayziya Tashqi ishlar vazirligi ham Isroil hujumlarini xalqaro huquqning aniq buzilishi ekanini ta’kidlab, bu harakatlar mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy putur yetkazishini bildirgan.

Shuningdek, mamlakat dushmanlikni zudlik bilan to‘xtatishga va zo‘ravonliklar zanjirini tugatishga chaqirgan.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, Isroilning Yaqin Sharqdagi mamlakatlarga davom etayotgan hujumlari mintaqani kengroq urush yoqasiga olib kelmoqda.

Bundan tashqari, Yaman, Iordaniya, Quvayt va Iroq davlatlari ham ushbu vaziyatga munosabat bildirib, Isroilning Eronga hujumini qoralagan va mamlakatlarni tinchlik o‘rnatishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing