Dunyo boylarning qo‘lidami? Abramovich Rossiya-Ukraina muzokarasida qanday rol o‘ynayapti?

Tahlil

image

Bugun dunyo e’tibori Istanbulda o‘tayotgan Rossiya-Ukraina muzokaralariga qaratilgan bir vaqtda rossiyalik milliarder Roman Abramovichning ikki davlat delegatsiyalari uchrashgan Dolmabahche saroyida bo‘y ko‘rsatishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bunga bir kun avval Abramovich joriy yil mart oyi boshida ham Ukraina-Rossiya muzokaralarida qatnashib, zaharlangani haqidagi xabarlar ham turtki berdi, albatta.

AQSH va uning ittifoqchilari rossiyalik milliarderlarga “oligarx” degan tamg‘a bosib, ularning oyoq-qo‘lini sanksiya bilan bandlagan bir vaqtda davlatlar darajasidagi muzokaralarda Roman Abramovich nima qilyapti? Uning Ukrainaga yoki urushga qanday aloqasi bor? Bugun xalqaro OAVda ham bu savollar tez-tez takrorlanmoqda. Shu sababdan tadbirkor Roman Abramovichning o‘tmishiga nazar solishga qaror qildik.

Roman Abramovich kim?

Ota tomondan yahudiylarga, ona tomondan esa ukrainlarga borib taqaladigan Roman Arkadevich Abramovich 1966 yil 24 oktyabrda Rossiyaning Saratov shahrida tug‘ilgan. Roman kichikligida yetim qolgan. Onasi Irina Abramovich (Mixaylenko) u 1 yoshligida, otasi Aaron Abramovich Leybovich esa 3 yoshligida vafot etgan. Roman ota tomondan qarindoshlari, amakilari, qo‘lida o‘sgan.

Maktabni Moskvada tamoalagan Roman Uxta sanoat instituti va Moskva neft va gaz institutida o‘qigan. 2001 yilda Moskva yuridik akademiyasida oliy ma’lumot diplomini olgan.

Suratlarda Abramovich kamtarin va oddiy odamga o‘xshaydi, ammo kamtar va sokin odamlar hayotda boshni gangitadigan parvozlarga qodir emasdek ko‘rinadi. Ammo Abramovich buning aksini isbotladi. Uning ko‘ringanidan ancha uddaburonligini o‘tmishidagi bir voqea ham isbotlaydi.

Abramovich va uning hamkasblari armiyada xizmat qilayotganda “dembel”dan topshiriq olgan. Askarlar zich o‘rmonda uzun yo‘lak ochishlari kerak edi. Va bu topshiriq xizmat tugashi arafasida berilgan. Ish og‘ir va uzoq vaqt talab qilishi mumkin edi. Abramovich nima qildi? U “uchastka”ni sheriklari bilan teng bo‘laklarga bo‘lib, qo‘shni qishloqqa borib, o‘rmonni o‘tin uchun sotib yubordi. Aytishlaricha, ikki kundan so‘ng maydon daraxtlardan tozalangan va Roman Arkadevich uyiga ravona bo‘lgan.

Bugungi kunda Rossiyaning eng badavlat kishilari qatoridan joy olib kelayotgan Abramovichning boyligi 12 mlrd AQSH dollariga baholanadi.

“Suronli 90-yillar”da yulduzi porlagan Roman

Ehtimol, sotilgan daraxt bilan bog‘liq shonli epizod Abramovichning hayotida yagona bo‘lib qolar edi. Biroq SSSR so‘nggi kunlarini yashayotgan o‘sha vaziyat aksincha bo‘lishiga imkon yaratdi. Abramovich o‘z mehnat faoliyatini 1987 yilda “Mosspetsmontaj” trestida boshlagan va u yerga oddiygina mexanik bo‘lib ishga kirgan.

1980-yillarning oxirida Roman Arkadevich milliarder bo‘lishni o‘ylamagan bo‘lsa ham kerak Ammo oradan sanoqli yillar o‘tib, 90-yillar keldi va ular bilan birga Abramovichning taqdiri ham keskin o‘zgardi. SSSR parchalangan, mol-mulklarni bo‘lish boshlangandi. Suv loyqa edi... Temirni qizig‘ida bosish qolgandi, xolos.

1990-yillarning boshlarida Abramovich o‘zini kichik biznesda sinab ko‘ra boshladi. U tanishlari yo‘qligi sababli yuqori doiralarga taklif kiritilmadi. O‘sha yillarda yosh tadbirkor o‘nlab firmalarni tashkil qilgan va asta-sekin kichik biznesdan neft savdosiga o‘tgan. Shu vaqtga kelib, Abramovich Jon Piyerpont Morgan (amerikalik tadbirkor, bankir va moliyachi, Morganlar sulolasining asoschisi) yoki shunga o‘xshash biror "afsona"dagidek karera orzu qila boshlaydi. Bir kuni Abramovich Boris Berezovskiy bilan uchrashadi va shu paytdan boshlab uning hayoti ertakga aylandi. Abramovich o‘sha vaqtdagi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Boris Yelsin bilan yaqinlasha boshladi.

Chapdagi Boris Berezovskiy

Boris Yelsinning qizi Tatyana Dyachenko Abramovichni aqlli, iste’dodli yorqin shuningdek, batartib va sodiq odam deb ta’riflagan. O‘sha paytda Yelsinning atrofida aqlli va iste’dodli odamlar yetarlicha topilgandir, ammo “batartib va sodiq” odamlar noyob tur hisoblangan. Bir so‘z bilan aytganda, Abramovich o‘zining individual insoniy va ishbilarmonlik fazilatlari bilan kerakli vaqtda kerakli joyda hozir bo‘lgandi.

1995 yilda atigi 28 yoshda bo‘lgan Roman Arkadevich Berezovskiyning aksiyalari vositasida “Sibneft” kompaniyasining nazorat paketini sotib oldi. Yaqin vaqtgacha u SSSR Neft va gaz sanoati vazirligi negizida tashkil etilgan davlat korxonasi edi. Ammo Yelsin uni xususiylashtirishni buyurganidan va aslida uni “oila”ga yaqin bo‘lgan ikki tadbirkorga berganidan so‘ng, “Sibneft” erkin boyish manbai va hokimiyatning siyosiy manyovrlari uchun ulkan resursga aylandi.

Oilaviy kassir

1990-yillarning ikkinchi yarmida Abramovich Yelsinga yaqin doiralarning g‘aznasi maqomini oladi. Har holda, Prezident xavfsizlik xizmati rahbari general Aleksandr Korjakov uni shunday eslaydi.

Mish-mishlarga ko‘ra, Abramovich Yelsinning qizi Tatyana Dyachenko va uning bo‘lajak eri, Yelsin ma’muriyati rahbari Valentin Yumashevning xarajatlarini saxiylik bilan to‘lagan. U Boris Yelsinning 1996 yilgi saylov kampaniyasini yashirincha moliyalashtirgach, Kremlda Abramovichga nisbatan ishonch keskin oshgan.

Dollar milliarderi

Asr oxiriga kelib, Rossiyada hokimiyat o‘zgardi. Yelsin o‘rnini yosh Putinga bo‘shatdi. Abramovichning Yelsin bilan hech qanday muammosi yo‘q edi. Uning yordami tufayli 1990-yillarning oxirida u 1,4 milliard dollarlik boylikka ega chiqdi. Boris Yelsin munosib dam olish uchun siyosiy sahnani tark etganida, u bilan hamfikr oligarxlar o‘zini turlicha tutdi. Ba’zilar yangi Prezident va uning siyosiy ambitsiyalariga qarshi dona sura boshladi. Ular orasida eng faoli Mixail Xodorkovskiy edi. Uning Putin bilan qarama-qarshiligi qanday tugaganini hamma biladi.

O‘ngdagi Mixail Xodorkovskiy

Xodorkovskiyning mag‘lubiyatini har tomondan baholagan Abramovich “to‘g‘ri” xulosalar chiqardi. “Forbes” manbasiga ko‘ra, u bir marta shunday degan: 

“Xodorkovskiy “o‘zining ochiq biznesi borligini ko‘rsatdi... Men bu saboqni yaxshi tushundim: o‘z biznesing haqida ochiq gapirish yaxshilikka olib kelmaydi va faqat muammolarni keltirib chiqaradi. Mening qoidam: “boshingni qumga tiqib, jim o‘tir”.

Tuyaqush taktikasi Abramovichning sochiga oq oralatgan bo‘lsa-da, o‘z samarasini berdi. Putin davrida u barcha “aktivlari”, jumladan “Aeroflot”, “Rossiya alyuminiyi”, Krasnoyarsk GESi, “RusPromAvto” va quduqlaridan dollar oqib tushgan “Sibneft”dagi ulushlarini Kremlning yangi xojasi ko‘rsatgan "xaridor"larga sotdi. 

2005 yil kuziga kelib, Roman Arkadevich Rossiyadagi biznesdan butunlay “ozod qilindi”, ammo ular uni xafa qilishmadi. Abramovich ishonchli ekani va Xodorkovskiydan o‘rnak olmasligini isbotlagandi va shu orqali obro‘sini saqlab qoldi. Cho‘ntagida 13 milliard dollar bilan Roman Abramovich emigratsiya haqida o‘ylay boshladi. bu o‘ylar uzoqqa cho‘zilmadi. Putin uni siyosiy faoliyatga tortdi.

Chukotka boshlig‘i

Abramovich 1999 yilda siyosat maydoniga ham kirib kelgan va qator lavozimlarni egallashga ham ulgurgandi. Xususan, 1999 yilda u bir mandatli Chukotka saylov okrugidan Rossiya Davlat dumasi deputati etib saylandi. Abramovich Dumada hech bir partiya fraksiyasiga kirmagan. 2000 yil fevraldan Dumaning Shimol va Uzoq Sharq masalalari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan.

2000 yilda Chukotka gubernatori bo‘lgach, Dumadan ketdi. Putin 2008 yilgacha Abramovichni hudud rahbari sifatida qoldirgan. Vladimir Vladimirovich u va uning pullari orqali muhim davlat vazifalarini hal qilgan, Abramovich esa “yo‘q deyishga tortingan”. Chukotka Rossiyaning eng olis hududi ekanini hisobga olsa, Abramovich yillar davomida Putinning “asiri” bo‘lgan desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo u sadoqat bilan xizmat qilgan va mahalliy aholi ham o‘zining milliarder gubernatorini hurmat qilgan.

Faqat Medvedev davrida Roman Abramovich iste’foga chiqib, doimiy yashash uchun Angliyaga jo‘nadi va uzoq yillar bu yerda istiqomat qildi.

Boy odamlarning o‘z sevimli mashg‘ulotlari bo‘ladi. Ba’zilar uzumzorlar sotib oladi, boshqalari yaxtalar va saroylar quradi, yana bir toifa boylar hashamatli kvartiralar, antiqa buyumlar va qimmatbaho mashinalarga sarmoya kiritadi. Har bir puldorning o‘ziga xos “ermagi” bor. Ammo yuqoridagi barcha ishlarni bir vaqtning o‘zida va cheksiz miqdorda qiladiganlar ham topiladi. Roman Abramovich shulardan biri. Agar kimdir uning barcha ko‘char va ko‘chmas mulkini ro‘yxatga olishni o‘z zimmasiga olsa, unga bir kun ham yetmasa kerak. Uning hatto ingliz futbol klubi (hozircha. Negaki milliarder uni sotish payiga tushgan) va yaxtasi shunchalik uzunki, u Suvaysh kanalini to‘sib qo‘yishda Ever Given konteyner kemasidan qolishmaydi.

Abramovichning G‘arb nishoniga aylanishi

Putin “asir”ligidan qutulib, Yevropaga “surgan” Abramovich bir necha yillar davomida Rossiya hukumatiga yaqin odam sifatida ko‘rilmadi. Vaholanki, Abramovich emigratsiya qilganidan keyin Rossiyadagi aktivlarini saqlab qolgan va ko‘paytirgan bo‘lsa-da, o‘zining ovoza bo‘lgan sarmoya va xayriya ishlari bilan Yevropa va Amerikada “mustaqil” tadbirkor sifatida shuhrat qozondi. Shu sababli, 2014 yilda (Rossiya Qrimni anneksiya qilganda) joriy etilgan G‘arb sanksiyalarining birinchi paketlari unga taalluqli bo‘lmadi.

Afsuski, Abramovichning “daxlsizligi” uzoqqa cho‘zilmadi. 2017 yilda AQSHning 45-Prezidenti Donald Tramp Kongressga “Amerika dushmanlariga qarshi sanksiyalar to‘g‘risida”gi deb dabdabali nomlangan qonun loyihasini yubordi. Ushbu tashabbus Amerika razvedkasi “Forbes”dan rossiyalik milliarderlar ro‘yxatini shunchaki ko‘chirib olgani uchun tanqid qilindi. Asosiysi qonunda Roman Abramovichning nomi ham paydo bo‘lgandi.

Bu vaqtga kelib, u ko‘p yillar davomida baxtli yashagan “Tumanli Albion” hukumati o‘z mamlakatiga sarmoya kiritgan yuqori martabali ruslar boyliklarining kelib chiqishini surishtira boshladi. Abramovich Buyuk Britaniyani tark etishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng u doimiy yashash uchun Isroilga ketdi. Keyinchalik u “Kreml kleptokratiyasining asosiy ishtirokchilari va foyda oluvchilaridan biri” sifatida “Navalniy 35” ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.

Rossiyaning Ukrainaga hujum boshlashi ortidan ko‘plab rus milliarderlari qatorida Abramovichga ham sanksiyalar kiritish boshlandi. Yevropa Ittifoqi, u ko‘p yillar osuda hayot kechirgan Buyuk Britaniya, Okeaniya davlatlari (Avstraliya va Yangi Zelandiya) Roman Arkadevich nomini “qora daftar”ga yozdi. Uning bu davlatlarga borishi taqiqlandi, mulklari esa muzlatildi.

Abramovichning muzokaralarga tortilishi

Urush sabab tadbirkor atrofidagi vaziyatning salbiy tomonga o‘zgarishi tezlashdi. Xotirjamlik va o‘ziga nisbatan hurmatga o‘rganib qolgan milliarderga bu unchalik yoqmasdi. Abramovichning Rossiya va Ukraina o‘rtasiga tushishini o‘zining tinch hayotini qaytarishga bo‘lgan urinish bilan izohlash to‘g‘ridek.

Isroilning “Jerusalem Post” gazetasi xabar berishicha, tadbirkor muzokaralarda yordam berish uchun Belarusga borgan. OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina tomoni Abramovich va Putin munosabatlari ota-o‘g‘ildek ekani haqidagi eski mish-mishlarni hisobga olib, milliarderdan yordam so‘ragan.

Ahamiyatli jihati, uni aynan milliy kelib chiqishi sabab muzokaralarga jalb qilishdi. Roman Abramovich Rossiya va butun dunyodagi turli yahudiy tashkilotlari ehtiyojlari uchun yarim milliarddan ortiq mablag‘ xayriya qilgani bilan mashhur. Shu sababli, Ukraina yahudiy jamoasi unga murojaat qildi, xususan, taniqli prodyuser Aleksandr Rodnyanskiy undan bevosita yordam so‘radi.

Rodnyanskiyning o‘zi Ukraina Prezidenti vakillarining iltimosiga ko‘ra Abramovichni bu ishga jalb qilgan. Ya’ni Zelenskiyning o‘zi shuni xohlagan. Shu sababli, juda qiziqarli zanjir yuzaga kelgan. Bir yahudiy ikkinchisidan uchinchi bir yahudiy ukrainlar va ruslar o‘rtasida muzokaralar tashkil qilishni so‘radi.

Abramovichning Turkiyadagi muzokaralarda ko‘rinishi borasida turli fikrlar yangramoqda.

Turkiya Prezidenti vakili Ibrohim Kalinga ko‘ra, milliarder shaxsan Vladimir Putin tomonidan tayinlangan muzokarachi sifatida Istanbulga borgan.

“Abramovich Turkiyaga muzokarachilar guruhi tarkibida keldi. Vaholanki jumlani tuzatishga ruxsat bersangiz. U [Rossiya Prezidenti Vladimir] Putin tomonidan muzokarachi sifatida tayinlangan shaxs sifatida keldi”, degan Kalin.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Roman Abramovich Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasining rasmiy a’zosi o‘laroq qatnashmayapti. Lekin u Moskva va Kiyev o‘rtasidagi aloqalarni ta’minlashda ishtirok etadi.

“Roman Abramovich Rossiya va Ukraina tomonlari o‘rtasida muayyan aloqalarni ta’minlashda ishtirok etadi. U delegatsiyaning rasmiy a’zosi emas, bilasizki, bizning delegatsiyaga Prezident yordamchisi [Vladimir] Medinskiy boshchilik qiladi”, degan Kreml matbuot kotibi.

Abramovichni muzokaralarga jalb qilish qarori qaysi taraf tomonidan qabul qilingani haqidagi savolga javoban Peskov shunday izoh berdi: “Abramovich masalasida ma’qullash har ikki tomondan”.

Britaniyaning “Daily Mail” nashri esa Abramovich Rossiya-Ukraina muzokaralarida “tinchlikparvar” rolini o‘ynashga va shu orqali u xira tortgan obro‘sini saqlab qolishga urinayotganini yozgan.

“The Wall Street Journal” nashri esa shaxsan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Abramovich muzokaralarda foyda berishi mumkinligini aytib, AQSH Prezidenti Jo Baydenni unga sanksiya kiritmaslikka ko‘ndirganini yozib chiqdi.

Nashrning yozishicha, mart oyi boshida AQSH Moliya vazirligi xodimlari Abramovichga qarshi sanksiyalar tayyorlagan, biroq YeI va Buyuk Britaniya bilan parallel ravishda chora-tadbirlar e’lon qilish vaqti kelganida, Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashi G‘aznachilikdan bu chora-tadbirlardan voz kechishni so‘ragan.

Bunga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy telefon suhbatida Prezident Baydenga tinchlik muzokaralarida Rossiya bo‘yicha muhim vositachi bo‘la oladigan oligarxga nisbatan sanksiyalar qo‘llashga shoshmay turishni maslahat bergani sabab bo‘lgan.

Barcha ishoralar Abramovich muzokaralarda foydali bo‘lishini ko‘rsatmoqda. U haqiqatan ham Putinga ta’sir o‘tkazib, muzokaralarning borishi va yakunda urush to‘xtatilishiga yordam beradimi bunisini vaqt ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Roman Abramovich

Baholaganlar

429

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing