Dunyo boylari reytingini tark etaman – Bill Geyts milliardlarini nima qilishini aytdi
Olam
−
14 iyul 2022
22321Microsoft asoschisi Bill Geyts o‘zining deyarli barcha boyligini sobiq rafiqasi Melinda bilan hamkorlikda tashkil etgan xayriya jamg‘armasiga berishini ma’lum qildi.
“Men boyligimning deyarli barchasini fondga berishni rejalashtiryapman. Men pastlab boraman va oxir-oqibat dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatini tark etaman”, deb yozgan Geyts Twitter’da.
Microsoft asoschisining yozishicha, so‘nggi bir necha yil ichida dunyo bir qancha dahshatli zarbalarni boshdan kechirdi, jumladan, koronavirus pandemiyasi va Ukrainadagi urush ko‘p odamlarni umidsizlikda qoldirdi va dunyo bundan ham battarroq bo‘ladimi, deb o‘ylashga sabab bo‘ldi.
"Ammo men optimist bo‘lib qolaman", degan Geyts.
U zararni kamaytirish va dunyo erishgan taraqqiyotga qaytish mumkinligiga ishonishini qo‘shimcha qilgan.
Geytsning eslatishicha, 2000 yilda u rafiqasi bilan xayriya ishlariga yiliga 6 milliard dollar ajratadigan jamg‘arma tashkil qilgan. Biroq, "zamonning buyuk inqirozlari barchadan ko‘proq narsani talab qiladi", deb yozgan Geyts. Shuning uchun u endi jamg‘armaga har yili 9 milliard dollar ajratilishini e’lon qillyugvn. Buning uchun Microsoft asoschisi fondga 20 milliard dollar bergan.
“Men o‘z resurslarimni jamiyatga azob-uqubatlarni kamaytirish va hayotni yaxshilashga eng katta ta’sir ko‘rsatadigan usullar bilan qaytarishga majburman. Va umid qilamanki, juda boy va imtiyozli lavozimdagi boshqa odamlar ham shu daqiqada oldinga qadam tashlashadi”, degan Geyts.
Microsoft asoschisi, jamg‘arma Bill va Melinda Geytslarning nomlariga ega bo‘lsa-da, uning mablag‘larining yarmi investor Uorren Baffet tomonidan taqdim etilganini ta’kidlagan.
"Men uning do‘stligi va yetakchiligini qanchalik qadrlashimni hech qachon yetarli darajada ifoda eta olmayman", deb yozgan Geyts.
“Bloomberg” Geytsning boyligini 114 milliard dollarga baholaydi va uni dunyodagi to‘rtinchi eng boy odam deb hisoblaydi. “Forbes” real vaqt rejimida yangilaydigan dunyoning eng badavlat biznesmenlari reytingida Geytsning boyligi 13 iyul oqshomida 122,1 milliard dollarga baholangan va unda xam tadbirkor to‘rtinchi o‘rinni egallagan.
LiveBarchasi