Do‘mboq yulduzlar ortiqcha vazndan qanday xalos bo‘lgan?
Madaniyat-san’at
−
10 fevral
9563Bugungi kunda ortiqcha vazn butun dunyo bo‘ylab odamlarning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, semizlik qandli diabet, yurak-qon tomir, jigar va o‘t qopi kasalliklari, nafas olish tizimi xastaliklariga sabab bo‘lishi hamda gormonal buzilishlarga olib kelishi hech kimga sir emas. Mashhurlar orasida ham bu kamchilik bilan kurashayotganlar yetarli. Xususan, o‘nlab Gollivud va Rossiya yulduzlari qisqa muddat ichida katta vazn yo‘qotib, turli shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Ulardan biri – “50 Cent” taxallusi bilan tanilgan amerikalik reper Kertis Jeyms Jekson III. Vazni 114 kilogramm bo‘lgan xonanda bir necha oy ichida 95 kgga ozigan. Uning keskin vazn yo‘qotishi tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ba’zilar bu holatni reperning kasalligi haqida mish-mish qilgan bo‘lishsa, ayrimlar Gollivud yulduzlari orasida mashhur bo‘lgan diabet dorisi bilan bog‘liq, deb hisobladi. Ammo Kertisning o‘zi ikkala taxminlarni ham rad etib, sakkiz oy davomida har kuni sport zalida yugurgani va o‘z ustida ishlaganini ochiqladi.
Biroq Kertisning vazn yo‘qotishi britaniyalik yulduz qayd etgan natija oldida “holva” bo‘lib qoladi. Taniqli xonanda Adel 2020 yilda naqt 45 kgga ozgan edi.
Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, u mashaqqatli mehnatlari tufayli chiroyli qomatga ega bo‘lgan. Ammo Adelning aytishicha, u mashg‘ulotlar bilan vazn yo‘qotish maqsadida shug‘ullanmagan.
"Men sport bilan beqaror hissiy holatim tufayli shug‘ullandim. Mashq qilganimda o‘zimni yaxshi his qilardim. O‘sha vaqtda vazn yo‘qotish haqida emas, balki kuchli bo‘lish va har kuni o‘zimga imkon qadar ko‘proq vaqt ajratish haqida o‘ylardim", deydi qo‘shiqchi.
Boshqa manbalarga ko‘ra, Adel jismoniy mashg‘ulotlardan tashqari, vazn yo‘qotishga yordam beradigan va ochlikni yengillashtiradigan diyetaga ham rioya qilgan.
Navbatdagi qahramonning natijasi ham Adeldan qolishmaydi. Amerikalik qo‘shiqchi Jessika Simpson 45 kg ozishga muvaffaq bo‘ldi.
Gap shundaki, u eng boshdan ortiqcha vaznli ayol bo‘lmagan. Ammo uchinchi farzandini dunyoga keltirishidan avval uning vazni, deyarli ikki barobarga ortib, naqt 108 kgga chiqdi.
Shundan so‘ng, Simpson darhol shaxsiy murabbiy bilan ishlay boshladi. Bu odam unga nafaqat 45 kg vazn yo‘qotishga, balki turmush tarzini o‘zgartirishga ham yordam berdi.
San’atkor qat’iy diyetaga amal qilmaydi. Lekin yog‘siz taomlar va sabzavotlar istemolini talab qiladigan muvozanatli diyetaga rioya qiladi, haftasiga kamida uch marta sport zalida mashq qiladi va kuniga 14 ming qadamni bosib o‘tadi.
Qahramonlarimizning hammasini ham sog‘lom turmush tarzi orqali ozgan, deya olmaymiz. Xususan, britaniyalik taniqli rok yulduzi Ozzi Osbornning qizi Kelli Osborn oshqozonini qisqartirish operatsiyasi orqali 40 kg vazn yo‘qotdi.
Kelli o‘tgan umri davomida nozik qomatga ega bo‘lish uchun harakat qilgan. Yoshligidan qattiq diyetalarga rioya qilgan, ammo har safar diyeta buzilavergan va u yana semira boshlagan. Shundan so‘ng, ortiqcha vazn bilan kurashib charchagan xonanda 2020 yilda radikal choralar ko‘rishga qaror qildi: u oshqozon qisqartirish operatsiyasini o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Operatsiyadan so‘ng, yana qaytadan semirib ketmaslik uchun qo‘shiqchi diyetasini to‘liq qayta ko‘rib chiqdi. Taomlar ro‘yxatidan spirtli ichimliklar, fast-fud, xamirli taom va shirinliklarni chiqarib tashladi. Shuningdek, u haftasiga 5-6 marta sport zalida faol shug‘ullandi.
Navbatdagi yulduzni haqiqiy qahramon, desa bo‘ladi. Avstraliyalik aktrisa Rebel Uilson naqt 57 kg ozdi. Uning vazni dastlab 132 kg, bo‘yi esa 163 sm edi. Shu sababli u komediya filmlari va teleseriallarda quvnoq semiz ayollarning rolini o‘ynardi.
Qizig‘i shundaki, uning Universal studiyasi bilan imzolagan shartnomasiga ko‘ra, Rebel vazn yo‘qotishi mumkin emasdi. Ushbu kelishuv o‘z yakuniga yetgach, aktrisa bir yarim yil ichida 57 kilogrammdan xalos bo‘ldi. Yulduz detoksifikatsiya (tanadan toksinlarni olib tashlash orqali ozish) markaziga bordi. U yerda aktrisaga “Mayer usuli” bo‘yicha menyu beriladi va yuqori ishqoriy tarkibga ega bo‘lgan ovqatlar iste’mol qilinadi. San’atkor shu kungacha bu menyuga sodiq qolgan.
Bundan tashqari, Uilson sport zalida muntazam mashg‘ulotlar olib boradi, boks bilan shug‘ullanadi va har kuni kamida 10 ming qadam yuradi.
Amerikalik aktyor Jona Xill ham ko‘p yillar davomida Gollivud komediyalarida xushmuomala semiz erkaklar rolini o‘ynab kelgan. Uning bo‘yi 170 sm, vazni esa 115 kg edi. Ammo ortiqcha og‘irlik aktyorning sog‘lig‘iga rahna sola boshladi.
Shundan so‘ng, Xill do‘sti Chenning Tatumning maslahatiga tayanib, jismoniy mashqlar qilishga kirishgan. Mashg‘ulotlar keskin natija bermagach, aktyor diyetologga murojaat qilgan. Shifokor aktyorning diyetasiga uglevodlar va fast-fudlarni olib tashlab, baliq va sabzavotlarni kiritgan.
Biroq jismoniy faollik aktyorning vazn yo‘qotishida muhim rol o‘ynadi. Xill har kuni sport zaliga bordi, yugurdi, serfing qildi, boks bilan shug‘ullandi. Natijada aktyor nafaqat 40 kg vazn yo‘qotdi, balki mushak massasini ham oshirdi.
O‘zining “Obezorujena”, “Kukushka”, “Million golosov” kabi qo‘shiqlari bilan mashhur bo‘lgan xonanda, "Yulduzlar fabrikasi-2" g‘olibasi Polina Gagarina ham semizlikdan aziyat chekardi. U birinchi farzandini dunyoga keltirgandan keyin uning vazni 90 kgga ortdi. Shundan so‘ng, qo‘shiqchi o‘zgaruvchan ovqatlar bilan qat’iy diyetaga o‘tdi. Birinchi kun faqat guruch, boshqa kuni faqat tovuq, uchinchisida faqat sabzavotlar iste’mol qilishni yo‘lga qo‘ydi. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, dastlab unga juda qiyin bo‘lgan, ochlikdan azob chekkan, ammo keyin bunga ko‘nikkan.
Gagarina Moskva badiiy teatr maktabida mashg‘ulotlar olib bordi. U yerda har kuni sahna harakatlari, qilichbozlik va raqs bilan shug‘ullanardi. Olti oy ichida qo‘shiqchi 47 kilogrammgacha vazn yo‘qotdi. Hozirda xonanda hech qanday diyetaga amal qilmaydi, lekin to‘g‘ri ovqatlanishga harakat qiladi va muntazam ravishda sport zaliga boradi.
Nihoyat, o‘z vaznini keskin kamaytira olgan so‘nggi xonanda – Maksim Fadeyev. U vazn yo‘qotishda qahramonlarimiz safida yuqori o‘rinni egallagan. Xonanda bu borada misli ko‘rilmagan natijaga erishib, uch yil ichida 127 kilogramm vazn yo‘qotdi. Fadeyevning so‘zlariga ko‘ra, u shifokorlar nazorati ostida vazn tashlagan. Ular prodyuser uchun individual ovqatlanish va mashg‘ulotlar dasturini ishlab chiqqan. Fadeyev hech qanday tafsilotlarni oshkor qilmadi, lekin kelajakda o‘z texnikasining barcha sirlarini hikoya qiladigan kitob yozishga va’da berdi.
O‘z ustida ishlagan va sezilarli darajada vazn yo‘qotgan, shu bilan birga sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘ya olgan san’atkorlar ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Ularning fikrlariga ko‘ra, har qanday ozish usuli qo‘llanishidan qat’iy nazar, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va sportsiz bunday natijani qayd etish qiyin. Shuningdek, insondan kuchli hohish va harakat ham talab etiladi. Kundalik mashg‘ulotlar davomida faol turmush tarziga amal qilish nafaqat vazn yo‘qotishda, balki barcha kasalliklarning oldini olishda katta yordam beradi.
LiveBarchasi