O‘zbekistonda kattalarning qariyb uchdan ikki qismida ortiqcha vazn bor – tadqiqot
Jamiyat
−
10 avgust 1786 2 daqiqa
O‘zbekistonda kattalarning 64 foizi ortiqcha vaznga ega. Bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki MDH davlatlari orasida ham eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlari asosida “Our World in Data” keltirgan statistikada qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ortiqcha vaznga ega 18 yoshdan kattalar ulushi 1980 yilda 28 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi ko‘rsatkich 64 foizga yetgan. Shu tariqa, 44 yil davomida mamlakatda ortiqcha vaznli kattalarning ulushi ikki barobardan ko‘proq oshgan.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida bu ko‘rsatkich Turkmaniston va Tojikistonda 58 foizdan, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda 56 foizdan qayd etilgan. MDHning boshqa davlatlaridan Rossiyada 18 yoshdan kattalarning 56 foizi, Belarusda esa 55 foizi ortiqcha vaznli deb baholangan.
O‘zbekistonda ortiqcha vazn muammosi bilan bir qatorda semizlik darajasi ham yuqori. Mamlakatda 18 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan aholining qariyb 20 foizi klinik semizlik mezonlariga javob beradi.
Mutaxassislar ortiqcha vazn va semizlik yurak-qon tomir kasalliklari, yuqori qon bosimi hamda 2-toifa qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfini oshirishini ta’kidlamoqda.
O‘zbekistonda, shuningdek, bir kishi uchun o‘rtacha kunlik tuz iste’moli 14,9 grammni tashkil etadi. Bu JSST tavsiya qilgan 5 grammlik me’yordan qariyb 3 barobar ko‘p.
Shu bilan birga, aholining taxminan uchdan bir qismi yetarli miqdorda meva va sabzavot iste’mol qilmaydi, 46 foizida esa xolesterin miqdori yuqori ekani qayd etilgan.
Jahon miqyosidagi ko‘rsatkichlarga qaralsa, dunyoda taxminan 45 foiz inson ortiqcha vaznli hisoblanadi. Rivojlangan va yirik iqtisodiyotli mamlakatlarda esa AQSHda bu ko‘rsatkich 71 foiz, BAAda 70 foiz, Buyuk Britaniyada 62 foiz, Yaponiyada 24 foizni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2040 yilga borib dunyoda semirishdan aziyat chekayotgan 5–19 yoshli bolalar soni 228 millionga yetishi va bu ko‘rsatkich tarixda birinchi marta kamvaznli bolalar sonidan oshib ketishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi