Dueyn Jonson o‘zining Parijdagi haykalini o‘zgartirmoqchi
Madaniyat-san’at
−
25 Oktabr 2023
6612"Qoya" taxallusi bilan tanilgan amerikalik dunyoga mashhur aktyor Dueyn Jonson o‘zining Fransiyadagi Le Musee Grevin muzeyiga o‘rnatilgan haykalini almashtirmoqchi. Bu haqda “Euronews” nashri xabar berdi.
Gap shundaki, uning mumdan yasalgan ushbu haykali ijtimoiy tarmoqda komediyachi Jeyms Andre Jefferson tomonidan tanqid qilindi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzey Jonsonni “tosh”ga o‘xshab yasagan.
“Mana Parij muzeyi Jonsonni qanday tasavvur qiladi. U asliga o‘xshamaydi. Muzey uni toshdan yasalgandek ko‘rsatgan. Nima u umrida quyosh ko‘rmaganmi? Siz "Qoya"ni ko‘rganingizda Devid Bekxemni ko‘rgandek bo‘lasiz. "Rock" xuddi qirollik oilasi vakilidek ko‘rinadi. Bu Jonsonga hecham o‘xshamaydi. Yo‘q”, degan tanqidchi o‘zi joylagan videoda.
Shunda so‘ng, aktyor Instagram'dagi postida uning jamoasi haykalni o‘zgartirishni so‘rab, Grevin muzeyi bilan bog‘lanishini bildirgan.
“Mening jamoam Grevin muzeyidagi do‘stlarimiz bilan bog‘lanadi. Shunda biz terimning rangini va ba’zi muhim tafsilotlarni hisobga olgan holda mum haykalimni yangilash ustida ishlashimiz mumkin. So‘ngra keyingi safar Parijda bo‘lganimda, u yerda to‘xtab, “o‘zim” bilan ichaman”, deb yozgan Jonson postida.
Bitta mum haykalni yaratish uchun olti oy davom etadi va uning narxi 50 ming yevrodan 60 ming yevrogacha (qariyb 53-63 ming AQSH dollari) mablag‘ sarflanadi.
Ma’lumot uchun, Grevin muzeyi yiliga 800 ming ziyoratchini qabul qiladi. Uning jamlanmasidan 250 dan ortiq mashhur odamlarning haykali joy olgan. Bunday holat muzeyda avval ham bo‘lgan. 2018 yilda taqdim etilgan Emmanuel Makronning haykali ham bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, “Forsaj” va “Jumanji” kabi filmlaridagi roli bilan butun dunyoga tanilgan aktyor Dueyn Jonson Gollivuddagi ish tashlash mitinglarida kasaba uyushmasi a’zolari uchun xayriya mablag‘i ajratgandi.