DTM imtihon vaqtidagi 15 mlrd so‘mlik xarajatlari yuzasidan izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat xaridlari portali ma’lumotlariga ko‘ra DTMning sentyabr oyida test sinovlarini o‘tkazishda abituriyentlarga tarqatish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali 13,4 milliard so‘mlik kepka, qo‘lqop, tibbiy niqob, suv va ruchka xarid qilgani haqidagi jadvallar tarqalgandi. Ularda respublika bo‘ylab test sinovlarini o‘tkazishga jalb qilingan xodimlarning ovqatlanishiga 1 milliard 550 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflangani ham qayd etilgan.

Davlat test markazi sentyabr oyidagi test sinovlari uchun xaridlari haqida e’lon qilingan ma’lumot yuzasidan tushuntirish berdi.

Markaz holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilgan:

Davlat komissiyasining 2020 yil 19 iyuldagi 1-son bayoni bilan Davlat test markazi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlaridan kelib chiqib, 2020/2021-o‘quv yili qabulida test sinovlarida abituriyentlarni tibbiy niqob, qo‘lqop, ruchka, ichimlik suvlari, guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlarni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishi belgilangan.

Shuningdek, Davlat komissiyasining 2020 yil 28 avgustdagi 3-son bayoni bilan Davlat test markazi 2020-2021-o‘quv yili qabulida kirish test sinovlari ochiq stadionlar va xiyobonlarda o‘tkazilishi munosabati bilan quyosh nuridan himoyalash maqsadida, abituriyentlarni bosh kiyim (kepka) bilan ta’minlash uchun ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishga ruxsat berilgan.

“BOBURXON BN NODIRXON” korxonasi bilan dastlab tuzilgan shartnomaga binoan korxona 1 million dona bosh kiyim (kepka)ni 6 174 so‘mdan 6 174 000 000 so‘mga, 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 7 100 100 000 so‘mga yetkazib berishi kerak bo‘lgan. Lekin korxona belgilangan miqdorda bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun dastlabki shartnoma bekor qilinib, qo‘shimcha kelishuv imzolangan va 6 174 so‘mdan jami 69 506 dona bosh kiyimni 429 130 044 so‘mga, 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 493 499 550,60 so‘mga yetkazib bergan. Mazkur korxona bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun boshqa korxonalar bilan ham bosh kiyim yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlar ertalab 06:00 dan kechki 20:00 qadar 15 soat davomida test sinovlari o‘tkaziladigan hududda bo‘lganligi sababli ularni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida har bir hududda turli korxonalar bilan shartnomalar imzolangan. Bunda eng qimmat shartnoma Toshkent shahri uchun imzolangan bo‘lib, 13 kunga 12610 dona tushlik (bir martalik idish, ovqat, salat, non, suv, bulochka)ning har biriga 31 000 so‘mdan (yetkazib berish bilan birga) jami 390 910 000 so‘mga imzolangan.

Undan keyingi eng qimmat shartnoma Samarqand viloyatida imzolangan, bunda 12 kunga 5467 dona tushlikning har biriga 25 000 so‘mdan jami 136 675 000 so‘mlik shartnoma imzolangan.

Davlat test markazi direktori Majid Karimov 2020 yil 12 avgustda OTMga kirish imtihonlari vaqtida abituriyentlarga tibbiy vositalar, ruchka va ichimlik suvi bepul berilishi, shuningdek vaziyat e’tiborga olinib, ularga bosh kiyim berish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. U mazkur buyumlarning hammasi davlat tomonidan bepul berilishini aytgan. Keyinchalik DTM axborot xizmati 2020/2021-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari ochiq maydonlarda tashkil etilayotgani sababli, abituriyentlar xohishiga ko‘ra test sinovlariga bosh kiyim (kepka) bilan kelishlari mumkinligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

imtihon DTM

Baholaganlar

61

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing