JSST butun dunyo aholisiga “Dok-1 Maks” va “Ambronol” bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi

Salomatlik

image

Joriy yilning 11 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo aholisini “Dok-1 Maks” va “Ambronol” suyuq dorilaridan saqlanishga chaqirdi. 

JSST bu dorilar boshqa mamlakatlarda ham rasman sotilayotgan yoki norasmiy bozorlar orqali kirib borgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, dunyo miqyosida sog‘liqni saqlash bo‘yicha barcha regulyatorlarni mazkur dorilar aylanmasining oldini olishga chaqirgan. Bu dorilar sotuvi aniqlangan mamlakatlardan bu haqda JSSTga xabar berish so‘ralmoqda.

Bugungi kunga qadar ularni ishlab chiqaruvchi “Marion Biotech” kompaniyasi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati bo‘yicha kafolat bermagan.

O‘zbekiston JSSTga ushbu dori vositalari bo‘yicha ogohlantirishni 2022 yil 22 dekabrda ma’lum qilgan. 

JSSTning ta’kidlashicha, tekshiruvlar natijasida ikkala dori vositasi tarkibida dietilen glikol va etilen glikol mavjudligi aniqlangan bo‘lib, bular inson hayoti uchun xavfli moddalar hisoblanadi. Iste’mol qilinganda o‘limga olib kelishi mumkin. 

“Ushbu ogohlantirishda ko‘rsatilgan sifatsiz mahsulotlar xavfli va ulardan foydalanish, ayniqsa bolalarda jiddiy shikastlanish yoki o‘limga olib kelishi mumkin. Zaharlanish alomatlariga qorin og‘rig‘i, qusish, diareya, bosh og‘rig‘i, ruhiy holatning o‘zgarishi va o‘limga olib keladigan o‘tkir buyrak shikastlanishi kiradi”, deyiladi JSST xabarida.

Shuningdek, insonlardan o‘zlari yoki yaqinlari ushbu dori vositalaridan foydalanganidan so‘ng nojo‘ya ta’sirlar sezilsa, zudlik bilan shifokorga uchrashishi va holat haqida milliy farmakologik markazlarga xabar berishlari so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi. Namanganda xai “Dok-1 Maks” dorisini qabul qilgan bola vafot etdi. Hozirda ushbu doridan vafot etgan bolalar soni 20 taga yetdi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi. Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.

2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatida 9 nafar bola “Dok-1 Maks”dan zaharlangani haqida xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

JSST “Dok-1 Maks” “Ambronol”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing