Hindistonda “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqarish to‘xtatildi
Jamiyat
−
29 dekabr 2022
7512O‘zbekistonda 20 ga yaqin bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqaruvchi Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Kompaniya qonuniy vakili hindistonlik farmatsevtika va kosmetika ishlab chiqaruvchisi bolalarning o‘limidan afsusda ekanini va kompaniya “Dok-1 Maks” siropi ishlab chiqarishni to‘xtatganini ma’lum qilgan.
“Dori-darmonlarni tartibga soluvchi organ kompaniyaning Uttar-Pradesh shtatidagi Noida zavodini ko‘zdan kechirdi va o‘zbekistonlik hamkasbi bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi”, deyiladi Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining joriy yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
LiveBarchasi