O‘zbekistonga kirgan “Dok-1 Maks” dorisida zaharli moddalar borligi aniqlandi. Ishda jinoyat izlari bor
3-sahifa
−
27 dekabr 2022
39978Samarqandda Dok-1 Maks siropini iste’mol qilishi oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etildi. Holat bo‘yicha jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlanib, hujjatlar huquq-tartibot organlariga yuborildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan maxsus ishchi guruh a’zolari tomonidan joyiga chiqqan holda xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan
Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositaci O‘zbekistonda 2012 yildan ro‘yxatga olinib, shu yildan savdoga chiqarilgan. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgan. O‘zbekiston hududiga ushbu preparat “Quramax Medikal” MCHJ tomonidan import qilingan.
Tekshiruv jarayonida o‘tkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish oqibatida o‘lim holati aniqlangan.
“Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga me’yoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.
Barcha bolalarga preparat shifokorlar retseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo‘lgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.
Vaholanki, paratsetamol faqat tana harorati 38-38,5 darajadan yuqori bo‘lgandagina kuniga 1 yoki 2 marta 1 yoshgacha bolaga 100-125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati me’yorida bo‘lganda ushbu dori vositasini iste’mol qilish qat’iyan man etiladi”, deyiladi SSV xabarida.
Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator o‘rganishlar Dok-1 Maks siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham ko‘rsatgan. Ushbu modda zaharli bo‘lib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy o‘zgarishlarni, ya’ni qusish, xushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va o‘tkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.
Vazirlik ishchi guruhi o‘rganish davomida aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari e’tiborga olinib, xizmat vazifasiga loqayd va bee’tibor munosabatda bo‘lgani, bolalar o‘limi tahlilini o‘z vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni ko‘rmagani uchun 7 nafar mas’ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
To‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Ayni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari mamlakatdagi barcha dorixonalar savdosidan o‘rnatilgan tartibda qaytarib olingan. O‘rganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining mas’uliyati masalasi Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida Hay’at yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
LiveBarchasi