“Dok-1 Maks” muallifining barcha turdagi dorilari savdosi to‘xtatildi (ro‘yxat)
Jamiyat
−
30 dekabr 2022
22239O‘zbekiston dorixonalarida Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dorilar savdosi to‘xtatildi. Bu haqda AOKAda tashkil etilgan brifingda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Marion Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” dorisi tarkibida qo‘shimcha moddalar aniqlangani bois, hozirda ishlab chiqaruvchining boshqa dorilari tarkibi ham laborator tekshiruvlardan o‘tkazilmoqda.
Quyida kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan asosiy dori vositalari ro‘yxatini e’tiboringizga havola etamiz:
- “Anasep” gel;
- “Beldomaks” nomidagi barcha dori vositalari;
- “Breveflora” kasulalari;
- “Dok-1 Maks” nomidagi barcha dori vositalari;
- “Kyuramaks Vitalong” kapsulalari;
- “Levoreks” nomidagi barcha dori vositalari;
- “Naytfors” tabletkasi;
- “Tergamon-sul” dori vositasi;
- “Travanayt” tabletkalari;
- “Ferofort” nomidagi barcha dori vositalari;
- "Kyurazit" nomidagi barcha dori vositalari;
- "Nol gripp" nomidagi barcha dori vositalari;
- "Sinepar" nomidagi barcha dori vositalari;
- "Ambronol" siropi;
- "Travamaks" nomidagi barcha dori vositalari;
- “Frakdjoin” kapsulalari.
“Hurmatli yurtdoshlar sizni shu o‘rinda yana bir bora ogohlikka chaqiramiz. Agarda siz ushbu turdagi dorilarni sotib olgan bo‘lsangiz yoki uyingizda saqlayotgan bo‘lsangiz zinhor bu dorilardan fodalanmang. Shuningdek, agar nojo‘ya ta’sirlar sezayotgan bo‘lsangiz 71 203 27 77 nomeriga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining joriy yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan Ambronol siropi ham sotuvdan olingani aytilgan.
LiveBarchasi