Dog‘istonda niqob kiyishni taqiqlash bo‘yicha fatvo tayyorlanmoqda
Olam
−
01 iyul
4618Dog‘iston muftiyati mamlakatda niqob kiyishni taqiqlovchi diniy xulosa chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda muftiy Ahmad Abdulayev respublika rahbarining jamoat faollari bilan uchrashuvida ma’lum qildi.
“Dog‘iston muftiyati tez orada niqob kiyishni taqiqlovchi teologik xulosa — fatvo chiqaradi. Bugungi kunda rasmiylarimiz ushbu masalada ish olib boryapti”, degan u.
Dog‘iston rahbari Sergey Melikov avvalroq niqob kiyishga qarshi chiqib, bu kiyim Kavkaz xalqlariga xos emasligini aytgandi.
“Shaxsan men niqob kiyishga qarshiman. Bir necha bor terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha topshiriqlarni bajargan shaxs sifatida shuni aytamanki, Kavkaz xalqlari uchun odatiy bo‘lmagan bu kiyim uning ichiga erkaklarning yashirinishiga ham imkon yaratadi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan men bunday kiyimlarga qarshiman”, degan edi Melikov.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolangan qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, yuzni to‘sib turuvchi kiyimlarni kiyganlik uchun jarima belgilandi.
Qonun bilan jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurgan shaxsga nisbatan BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 4 mln 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Shuningdek, ushbu holatda tibbiy ruxsatnoma mavjudligi, xodimning ishi ushbu vaziyatni taqozo etishi kabi ba’zi istisnolar ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda burqa kiyishni taqiqlash taklif qilinayotganligi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi