Dog‘istonda xizmatdagi xodimlar otib o‘ldirildi (video)
Olam
−
05 may 2025 23638 2 daqiqa
Bugun, 5 may kuni Dog‘istonning Maxachqal’a shahrida noma’lum shaxslar Yo‘l patrul xizmati xodimlariga qarata o‘q uzdi, uch nafar politsiyachi halok bo‘ldi. Bu haqda Dog‘iston rahbari Sergey Melikov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea soat 14:20 atrofida Kerimov va Magomedtagirov ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Dog‘iston rahbari Sergey Melikovga ko‘ra, avtomobil haydovchisi xodimlarga qarata o‘t ochgan. Dog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi kamida yetti kishi yaralanganini ma’lum qilgan. Ikki nafar politsiya xodimining ahvoli og‘ir.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, xodimlar avtomobilni to‘xtatishga uringan, biroq haydovchi bo‘ysunmagan va ularga qarata o‘t ochgan”, deyiladi xabarda.
Jinoyatchilar xizmat mashinasida yashiringan.
Qayd etilishicha, jabrlanganlar orasida 17 yoshli o‘smir va 12 yoshli qiz ham bo‘lgan. Ular shifoxonaga olib ketilgan.
Bosqinchilardan biri hujum paytida yo‘q qilingan, boshqalari post xizmat mashinasida voqea joyidan qochib ketgan.
Voqea bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha – 317-modda (huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining hayotiga tajovuz qilish), 166-modda (o‘zlashtirish maqsadisiz olib qochish) va 222-modda (qurolning noqonuniy muomalasi) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Voqea joyida tergovchilar, kriminalistlar va tezkor xodimlar ishlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 aprel kuni Rossiyaning Moskva viloyati Balashixa shahrida avtomobil portlashi oqibatida general Yaroslav Moskalik vafot etgan edi.
Live
Barchasi