O‘zganing yerini sotmoqchi bo‘lgan “uddaburonlar” ushlandi (video)
3-sahifa
−
13 mart 2023
5025Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent, Jizzax va Andijon viloyatlarida yer sotish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan MCHJ rahbari hamda uning otasi, shuningdek, Qibray tumanidagi mahallalardan birining raisi yer sotish bo‘yicha tovlamachilikka o‘zaro kelishib olgan. Ular Ohangaron tumanida joylashgan mazkur MCHJga tegishli 270 gektar va unga tutash bo‘lgan tuman hokimligi zaxirasidagi 150 gektar, jami 420 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 700 ming AQSH dollari talab qilgan.
DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur 3 nafar fuqaro so‘ralgan puldan 100 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.
Xuddi shunga o‘xshagan jinoyat Jizzax viloyatining Forish tumanidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari tomonidan ham sodir etilgan. U mazkur tumanda joylashgan boshqa 2 ta MCHJga qarashli 50 gektar yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligini aytib, xaridorga 60 ming AQSH dollariga sotishni rejalashtirgan.
Shuningdek, ushbu 50 gektar yerdan 30 sotixini viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi yordamida noturar joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga qo‘shimcha 4 ming AQSH dollari so‘ragan.
DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda MCHJ rahbari hamda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi xaridordan 64 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Andijon viloyatida qayd etilgan holatda esa Oltinko‘l tumanida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 144 kvadrat metr bo‘sh yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligini aytib, tovlamachilik qilgan. U kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 38 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Ayni paytda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Javohir Qadamov
LiveBarchasi