Toshkent viloyatida 1 gektar yerni 33 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

3-sahifa

image

Toshkent viloyatida 1 gektar yerni fermer xo‘jaligi rahbariga 33 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida ham 1,5 gektar yerni pullamoqchi bo‘lgan shaxs 2 ming AQSH dollari bo‘nak puli olayotgan vaqtda ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, IIV Tezkor qidiruv departamenti va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan Bo‘ka tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida 1960 yilda tug‘ilgan shaxs tumandagi fermer xo‘jaliklaridan birining rahbariga hokimiyat zaxirasidagi 1 gektar ekin yer maydonini 33 ming AQSH dollariga sotishga kelishgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi tuman kadastr agentligida ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilib, kelishilgan pullardan bo‘nak sifatida 10 ming AQSH dollari va 6 mln 200 ming so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan. 

Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda Koson tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda pillachilik xo‘jaligiga tegishli 1,5 gektar yer maydonini 340 mln so‘mga sotishga kelishib, hokimiyat idorasida ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan shaxs, kelishilgan pullardan bo‘nak sifatida 2 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28, 211-moddasi 1-qismi  bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent viloyati er savdosi er sotish Tezkor qidiruv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing