DXX to‘rt viloyatda yirik miqdordagi giyohvand modda savdosiga chek qo‘ydi
3-sahifa
−
05 noyabr 2021
8767Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Toshkent, Jizzax, Andijon va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tadbirlarda katta miqdordagi giyohvand moddalar musodara qilindi.
Xususan, Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Turkiston oblastining Maxtaaral rayonida istiqomat qiluvchi, 1976 y.t. qo‘shni davlat fuqarosi va Zomin tumanida yashovchi, 1989 y.t. mahalliy fuqaro 3 kg 880 gr. “opiy” moddasini 32 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda esa 1984 yil Qirg‘izistonda tug‘ilgan, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi hamda 1963 va 1968 yillarda tug‘ilgan ikki nafar Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi 9 kg 612 gr. “gashish” moddasi bilan, shuningdek, 1983 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi 1 kg 784 gr. “opiy” va 3 kg 765 gr. “gashish” moddalari bilan ushlandi.
Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1984 y.t. mahalliy fuqaro 10 kg 300 gr. “opiy” moddasi bilan qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1992 y.t. fuqaro o‘zining Nexia-3 rusumli avtomashinasida Qo‘qon shahriga ketayotgan vaqtida Ohangaron tumanidagi “Chinor” yo‘l patrul xizmati maskanida to‘xtatilgan.
Lekin, u YPX xodimlari talablariga bo‘ysunmasdan qochishga uringanida, sun’iy to‘siq yaratilib, qonunbuzar ushlangan.
Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 4 kg 902 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahri tomon harakatlangan Cobalt rusumli avtomashina yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda, Bo‘ston tumanidagi yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv davomida mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam sudlangan shaxsning yonida 961 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki surishtiruv jarayonlarida u mazkur giyohvand moddani Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1974 y.t. Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosidan olganligi ma’lum bo‘lib, ushbu shaxs ham qo‘lga olingan. Shuningdek, uning yashash manzilida 240 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Ta’kidlanishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida musodara qilingan jami 17 kg 165 gr. “opiy” va 18 kg 279 gr. “gashish” giyohvand moddalari Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalaridan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.