DXX raisi narkojinoyatlar sonini yashirmadi: 2 baravarga ortgan
Jamiyat
−
17:23 2350 2 daqiqa
2025 yilda O‘zbekistonda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan 3,6 tonna giyohvand moddalar aniqlanib, savdosiga chek qo‘yilgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati raisi general-polkovnik Bahodir Qurbonov joriy yilning 13 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilgan.
Unga ko‘ra, 2024 yil va 2025 yil oralig‘idagi raqamlar mamlakatda giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar ikki baravar ortganini ko‘rsatadi.
2024 yilda 1 700 kg giyohvandlik vositasi aniqlanib, noqonuniy muomaladan olingan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 3 tonnu 600 kgni tashkil etgan, ya’ni ikki baravarga oshgan. Qo‘lga olingan jinoyatchilar soni esa 2600 dan 4500 nafarga yetgan. Faoliyatiga chek qo‘yilgan yashirin narkolaboratoriyalar 8 tadan 15 taga ortgan.
Qurbonov so‘zida davom etarkan, yoshlar orasida sintetik giyohvand vositalarini iste’mol qilish bilan bog‘liq raqamlarni ham yashirmadi. Uning aytishicha, 2025 yildan 180 kgdan ziyod sentetik vositalar va 1 million donadan ortiq psixotrop moddalar qo‘lga olingan.
“Sintetik vositalar voyaga yetmaganlar, ayniqsa, 14-25 yoshdagi orasida ommalashmoqda. Xavotirlisi, organizmda unga nisbatan karamlik iste’moldan so‘ng qisqa muddatga vujudga keladi”, deydi DXX raisi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 26 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatda joriy yilda 14 mingdan ziyod giyohvandlik jinoyati qayd etilgani, ularning 3 mingga yaqinini yoshlar sodir etgani, mazkur masalada Milliy dastur qabul qilingani, endi narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylanishi, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaralishi haqida gapirgan edi.
O‘tgan yilning 28 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasida kuch tuzilmalari rahbarlari bilan ishchi yig‘ilish o‘tkazib, narkojinoyatchilik, jinoiy guruhlar va noqonuniy qurol-yarog‘ aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan samarali tizimni qisqa muddatda yaratish vazifasi qo‘ygandi.
2025 yil 3 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son farmoni qabul qilingan bo‘lib, unda narkojinoyat sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilmaslik yoki jazosini yengilrog‘i bilan almashtirmaslik tartibi joriy etilishi hamda narkotiklarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish, narkojinoiy uyushma yoki g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish uchun jinoiy javobgarlik va ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi belgilangan.
Live
Barchasi