“Shayton” va sheriklari ushlandi, O‘zbekistonda yana “ko‘cha”larga qarshi reyd boshlandi – Hafta tahlili

Tahlil

Andijonda “Shayton” va uning jinoiy to‘dasi qo‘lga olindi. Toshkent va Surxondaryoda turmush o‘rtog‘ini g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan cheklagan, uy yerto‘lasi va molxonaga qamab qo‘yganlarga sud hukmi o‘qildi. Farg‘onada 14 yashar qiz bir necha kishi tomonidan zo‘rlandi. Surxondaryoda esa 9-sinf yoshidagi qiz 11-sinf o‘quvchisi bo‘lgan yigitning jinsiy zo‘ravonligiga uchradi. Taftish.uz saytining 4 xodimi va saytga aloqadorligi aytilayotgan yana bir shaxs ustidan jinoiy ish ochildi, ular qo‘lga olindi. O‘zbekistonda Mudofaa doktrinasi, Milliy xavfsizlik konsepsiyasi va Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasi o‘zgaradi. 

Andijon viloyatida odamlarni qurol bilan qo‘rqitib, katta miqdorda pul undirgan “Shayton” laqabli shaxs va uning sheriklari qo‘lga olindi. 

Yodingizda bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 26 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida bundan buyon ham mamlakatda o‘zini qonundan ustun qo‘ygan, tadbirkorlarga bosim qilib, ularning biznesini egallab olishga harakat qilayotgan jinoiy to‘dalarning faoliyatiga nuqta qo‘yishga davlatning kuch-qudrati yetishini aytgandi. 

Yodingizda bo‘lsa, 2023 yil oxirlarida o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” reyd tadbirlarida O‘zbekistondagi qator jinoiy to‘dalar boshliqlari va ularning sheriklari qo‘lga olinib, sud hukmi bilan uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Bu voqealardan xulosa qilmagan, dars olmaganlar hamon bor ekan, xususan “Shayton” va uning to‘dasi. Ular Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlari, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda ushlangan. 

Jinoiy guruh a’zolari orasida muqaddam Jinoyat kodeksining 104-(Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 164-(Bosqinchilik) 277-(Bezorilik) hamda 127-(Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) moddalari bilan sudlangan “Hoji” laqabli 1995 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan Alimov, “Muftiy” laqabli 1995 yilda tug‘ilgan Shokirov, “Shayton” laqabli Jo‘rabekov va Yo‘ldoshev bor.

Ular jinoiy til biriktirib, guruh bo‘lib kriptoaktivlar ayirboshlash bilan shug‘ullanadigan shaxsni obdan kuzatib yurgan. So‘ngra unga mijoz sifatida qo‘ng‘iroq qilib, Andijon shahridagi supermarketlardan birining oldiga chaqirgan. Uni Damas rusumli avtomashinaga o‘tqizib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi deb tanishtirgan. Jabrlanuvchini kriptoaktivlarning noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanib yurganidan xabardor ekanliklari, agar birga ishlovchi tanishidan tegishli kriptohamyon hisob raqamiga 150 ming AQSH dollari o‘tkazib bermasa, jinoiy javobgarlikka tortilishini aytib, qo‘rqitgan. Qurol va o‘tkir tig‘li jismlar bilan jabrlanuvchini o‘z mulkini berishga majbur qilgan holda qiynoqqa solgan.

Shundan so‘ng jami 100 ming AQSH dollari miqdordagi kriptovalyutani tovlamachilik yo‘li bilan o‘zlariga tegishli kriptohamyonga o‘tkazishga erishgan. Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi va 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) uchinchi qismi “a” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ular tomonidan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlarni aniqlash maqsadida olib borilgan tezkor qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida guruh a’zosi bo‘lgan 2000 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan Yusufjonov (muqaddam jinoyat kodeksining 168-(Firibgarlik), 166-(Talonchilik), 165-(Tovlamachilik), 164-moddalar (Bosqinchilik) bilan sudlangan) ham aniqlangan. U ayol kishiga kuch ishlatish yo‘li bilan tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazib, unga tegishli bo‘lgan iPhone 16 Pro Max rusumli telefon apparatini tortib olgani va o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun 10 million so‘m miqdorda pul mablag‘larini talab qilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi -(Talonchilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu guruh ko‘chada oddiy fuqarolarga ham zo‘ravonlik ko‘rsatib kelgan. Guruh a’zolari chet el davlatlarida ham bir nechta jinoyatlar sodir etib, insonlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazgani aniqlangan.

Ushbu jinoiy guruhning harakatlaridan aziyat ko‘rganlardan Ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga qo‘l qo‘ng‘iroq qilish so‘raladi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.

Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 26 dekabr kunida Oliy Majlis palatalari va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakat allaqachon “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishib bo‘lgani, shu bois ushbu strategiyani o‘zgartirish kerakligini aytgandi. Endi strategiyaga qo‘shimcha ravishda O‘zbekistonning Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasi ham o‘zgaradi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy hafta bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z ochildi. 

Yig‘ilishda mamlakat xavfsizligini ta’minlash, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Turli mintaqaviy mojarolar kengayib, qurollanish poygasi avj olayotgani, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va xalqaro diplomatiya zaiflashib borayotgani qayd etildi.

Ma’lumki, so‘nggi vaqtlarda Erondagi vaziyat jiddiy tus olmoqda. Eron O‘zbekiston eksport va importida asosiy hamkorlardan biri, Erondagi beqarorlik savdo yo‘laklari nuqtai nazaridan O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Davlat rahbari aynan mana shu masalaga e’tibor qaratdi. 

Prezidentning aytishicha, zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgargan, endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib g‘alaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda.

Yig‘ilishda muddatli harbiy xizmat masalasi ham ko‘tarildi. Jumladan, armiyada yoshlar kamida bitta kasbni egallashi uchun yangi tizim yaratiladi. Askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi va uni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.

Har yili 5 ming askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi. Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishini boshlaydi.

Armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi.

Davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi.

Prezident harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini yanada mustahkamlash bilan birga, ularning ma’naviy olamini ham muntazam boyitib borish, ular orasida kitobxonlikni rag‘batlantirish masalasiga ham to‘xtaldi. Uning qayd etishicha, joriy yilda barcha harbiy qism va muassasalar jami 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi.

Gap navbati  Yangi Mudofaa doktrinasiga keldi. U O‘zbekistonning hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qoladi, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etiladi, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini ta’minlaydi. Prezidentning aytishicha, yangi doktrina armiyani texnologik yangilash va ilg‘or harbiy yechimlarni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi kerak.

Yig‘ilishda Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonovning ham axboroti tinglandi. Qurbonovning aytishicha, O‘zbekiston chegaralari Turkiyada ishlab chiqarilgan "Bayraktar" dronlari bilan kuzatib borilmoqda.

Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish tizimiga zamonaviy raqamli vositalarni joriy etish jarayonida davlat chegarasining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan. 1117 km optik tolali aloqa liniyasi tortilgan. Chegara qo‘shinlari avtozirhli texnikalar bilan 18 % ga, suzish vositalari bilan 86 % ga, qurol-aslaha va o‘q dorilari bilan 100 % ga elektron optik vositalar bilan 78 foizga butlangan.

O‘zbekiston Turkiyada ishlab chiqarilgan "Bayraktar" droniga xaridor bo‘lgani va qancha dron sotib olingani haqida rasmiy axborot berilmagan. Mamlakatda Turkiyaning uchuvchisiz uchish apparati borligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 16 noyabr kuni Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismga tashrifi chog‘ida e’lon qilingan suratda ma’lum bo‘lgan. 

Shuningdek, DXX raisi o‘z nutqida terrorizm va diniy-ekstremizm masalasiga ham to‘xtaldi. Uning bildirishicha, xorijdan hamon O‘zbekistonga nisbatan terrorchilik xurujlari asosiy tahdidligicha qolmoqda.

Xavfsizlik kengashida ko‘tarilgan masalalar, xususan DXX raisi Bahodir Qurbonov va Mudofaa vaziri Shuhrat Holmuhamedovning axboroti haqida alohida dastur tayyorlaganmiz. Uni QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin. 

Yodingizda bo‘lsa, bundan 4 oy muqaddam, 2025 yilning sentyabr oyida Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 1981 yilda tug‘ilgan erkak 1997 yilda tug‘ilgan ayoli va uning yangi tug‘ilgan 5 oylik o‘g‘il farzandiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazib, ularni 5 oy davomida majburan molxonada saqlagani haqida xabar bergandik. Bu voqea jamiyatda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Oradan vaqt o‘tib, tugayotgan haftada ayol va uning bolasiga vahshiylarcha munosabatda bo‘lganlarga sud hukmi o‘qildi. 

Holat o‘rganilganda xonadon egasi fuqaro Sh.A. shu xonadonda yashovchi onasi va yaqin qarindoshlari bilan oldindan til biriktirib, turmush o‘rtog‘ini ruhiy holatidagi o‘zgarishlari borligi (tilida nuqsoni borligi, fikrlarini to‘liq bayon qilishga qiynalishi)dan foydalanib, bir necha oy davomida unga nisbatan tazyiq o‘tkazib va zo‘ravonlik qilib kelgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining hukmi bilan erkak Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik), 127- (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish), 25,135- (odam savdosi) va 138-moddalarida (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish), 1975 va 1978 yillarda tug‘ilgan ikki ayol qarindoshi va 1951 yilda tug‘ilgan qaynona 104- (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish), 127- (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish), 25,135- (odam savdosi) va 138-moddalarida (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sudning hukmi bilan erkakka 13 yil, uning ikki qarindoshiga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, qaynonanaga esa 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Jamiyat ushbu voqeani hazm qilib ulgurmasidan, Toshkentda ham erkak xotinini to‘yga yubormaslik uchun uni yerto‘laga qamab qo‘ygani o‘rtaga chiqdi. Eng qizig‘i, zo‘ravon sobiq harbiy bo‘lgan. 

Sudga oid hujjatda keltirilishicha, 1984 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi – nafaqadagi harbiy 2025 yil 26 iyul kuni soat 23:30 larda Yashnobod tumani, “Qalqon” MFYdagi xonadonida turmush o‘rtog‘ini Samarqand viloyatidagi qarindoshlarining to‘yiga yubormaslik uchun zo‘rlik ishlatib, o‘zi yashovchi ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiga olib tushgan va bir sutka davomida suv va oziq-ovqat bermasdan, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilgan.

Bundan tashqari, erkak 2025 yil 31 avgust kuni soat 00:30 larda o‘g‘li uning bank plastik kartasini blokka tushirib qo‘yganini vaj qilib, turmush o‘rtog‘i tanasining turli joylariga qo‘llari va telefon quvvatlash moslamasining simi bilan do‘pposlab, ayolning sog‘lig‘ini qisqa vaqt buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati yetkazgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ayolning tanasida – o‘ng va chap yelkalarida, chap tirsagida, o‘ng va chap bilaklarida, o‘ng yelkasida va chap ko‘krak qafasida ko‘karishlar kabi tan jarohatlari aniqlangan.

2025 yilning 19 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Unda erkak aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U Jinoyat kodeksining 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “a” va “b” bandlari, 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida, jinoyatlar majmui tariqasida, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tashi belgilangan.

Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston huquq-tartibot organlarining boshqa mamlakatlardagi hamkasblari bilan aloqalari mustahkamlanishi, qo‘shma harakatlar amalga oshirilishi natijasida O‘zbekistonda yoki mamlakat tashqarida jinoyat sodir etib, jazodan qochib yurganlarni qaytarish bo‘yicha samarali ishlar tashkil qilinyapti. Jinoyatni sodir etib, davlat va jamiyat mulkini talon-toroj qilib, odam o‘ldirib, firibgarlik va tovlamachilikda ayblanib, diniy ekstremizm yoki terrorizmga aralashib, jazodan qochib, “pobeg”da yurganlar, xoh Turkiya, xoh Birlashgan Arab Amirliklari va xoh Amerikada bo‘lsin, oyog‘ini yerga tekkizmay olib kelinayotganini ko‘ryapmiz. 

Tugayotgan haftada ham Firibgarlik ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Xorvatiyada qo‘lga olindi. 

Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hamda Xorvatiya Interpol Milliy markaziy byurolarining muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida firibgarlik jinoyatini sodir etganlik uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining Zagrebdan ekstraditsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Ekstraditsiya Interpol Zagreb Milliy markaziy byurosi bilan yaqin hamkorlik, shuningdek, O‘zbekistonning Vengriyadagi konsulligi bergan ko‘mak tufayli amalga oshirilgan.

Vazirlik qo‘lga olingan shaxs qanday jinoyat sodir etgani va tergov yoki suddan qanchadan buyon yashirinib yurganiga aniqlik kiritmagan. 

“Taftish.uz” saytining 4 nafar xodimi tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olindi. 

Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda “Taftish.uz” ommaviy axborot vositasi xodimlari 1992 yilda tug‘ilgan Yo‘ldoshev, 2000 yilda tug‘ilgan Hamidov, 2006 yilda tug‘ilgan Eshquvvatova hamda 1998 yilda tug‘ilgan Nishonov protsessual tartibda ushlangan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, hozirda ularning qo‘shimcha ravishda Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) hamda 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) ko‘rsatilgan jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

“Taftish.uz” ommaviy axborot vositasi yopilmagan, nashr kundalik faoliyatini davom ettirmoqda. 

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida bir guruh yigitlar 14 yoshli qizni zo‘rladi. Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holati yuzasidan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumon qilinuvchi shaxslar Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z kuzatuvini olib borgan holda ta’kidlashicha, mazkur jinoyat ishiga tegishli holatlarni batafsil ochiqlash bola manfaatiga zid bo‘lib, bolaga oid ma’lumotlar OAVda keng tarqalishi jabrlanuvchi-bolaning huquqlariga zarar yetkazadi.

Bu voyaga yetmagan qizning zo‘rlanishi bilan bog‘liq yagona holat emas. Surxondaryo viloyatining Denov tumani 64-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 11-sinf o‘quvchisi bo‘lgan bola 9-sinf o‘quvchisi qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgani aniqlandi. 

11 va 9-sinfda tahsil olayotgan voyaga yetmagan shaxslar bilan bog‘liq vaziyat bundan bir necha oy avval maktabdan tashqarida sodir bo‘lgan. Ushbu holat jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgach, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ushbu holatga munosabat bildirdi. 

“Tekshiruv jarayonida voyaga yetmagan shaxslarning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati, shuningdek, ularning ruhiy holatini himoya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu munosabat bilan tergovga qadar tekshiruv yakuniga yetmaguncha, bir tomonlama xulosalar chiqarish va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatish maqsadga muvofiq emasligini eslatib o‘tamiz”, – deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, maktab ma’muriyati tomonidan mas’ul idoralar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rilmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘shimcha axborot beriladi.

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq jinoyatlar, ayniqsa, nomusga tegish jiddiy qo‘riqlanadigan axborotlar toifasiga kiradi. Bu haqidagi ma’lumotlar toki jamiyatda shov-shuvlarga sabab bo‘lmaguncha, huquq-tartibot organlari ham, boshqa mas’ul idoralar ham bolalar manfaatlari va jamiyatda bunga o‘xshash holatlarning urchib ketishi xavfi nuqtai nazaridan holatlarni ochiqlamaydi. Holbuki, mamlakatda voyaga yetmaganlarga jinsiy zo‘ravonlik yoki maktab o‘quvchilari orasida homilador bo‘lib qolish kabi voqealar tez-tez quloqqa chalinadi. 

O‘zbekiston o‘tgan yili voyaga yetmaganlarning jinsiy huquqlari himoyasida yangi natijaga erishganini e’tirof etish o‘rinli. 2025 yil 23 oktyabrda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirish va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Jinoyat kodeksiga yangi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan. Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslar uchun jazo choralari kuchaytirilgan va ularga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilmasligi belgilangan.

AQSH Davlat departamenti davlat byudjetiga yuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan arizachilarga qarshi kurash doirasida 75 mamlakat fuqarolariga viza olish uchun arizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatdi. Ushbu tartib joriy yilning 21 yanvaridan kuchga kiradi va u immigratsion vizalarga nisbatan amal qiladi. 

AQSHning immigratsion vizasi – bu chet el fuqarosiga AQSH hududida doimiy yashash huquqini beradigan viza turi bo‘lib, u orqali shaxs mamlakatga kirgach, doimiy rezident maqomini oladi. Bunday viza AQSHda doimiy yashash, ishlash, o‘qish va qonun doirasida biznes yuritish imkonini beradi hamda kelajakda AQSH fuqaroligini olish uchun murojaat qilish huquqini yaratadi. 

Viza cheklovlari o‘rnatilgan davlatlar ro‘yxatiga Markaziy Osiyodan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ham kiritilgan. 

Ma’lum qilinishicha, AQSH davlat departamenti viza berish tartibini qayta ko‘rib chiqayotgan bir paytda ushbu cheklovlar “noaniq muddatda” davom etadi.

Mazkur ko‘rsatmalarga binoan, davlat ijtimoiy yordamiga qaram bo‘lib qolishi ehtimoli yuqori deb topilgan arizachilarga viza berilishi rad etilishi shart. Baholash jarayonida arizachining sog‘lig‘i, yoshi, ingliz tilini bilish darajasi, moliyaviy ahvoli hamda uzoq muddatli tibbiy parvarishga muhtojlik ehtimoli kabi omillar inobatga olinadi. Shuningdek, yoshi katta bo‘lgan, ortiqcha vaznga ega shaxslar yoki avval davlat tomonidan naqd pul ko‘rinishidagi yordam olgan yoxud muassasalarda saqlangan arizachilar ham viza rad etilishiga duch kelishi mumkin.

Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi Ahror Burhonovning QALAMPIR.UZ bilan suhbatda ma’lum qilishicha, haqiqatdan ham O‘zbekiston AQSH vizasi bo‘yicha yangi cheklovlar ro‘yxatiga kiritilgan, ammo hali hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan. O‘zbekiston fuqarolariga non-immigrant viza berish tizimi qanday ishlagan bo‘lsa, shunday davom etyapti.

Viza masalasi ochilganda yana bir masalaga to‘xtalib o‘tish o‘rinli. Tugayotgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqovga Amerikadagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirildi. O‘tgan yili AQSH hukumati qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun maxsus viza olishni soddalashtirdi. Shu bois mas’ullar ushbu ro‘yxatga kirish yo‘llarini axtarishi kerak. Aslida yig‘ilishda migratsiya, tashqi siyosat borasida ko‘plab yangiliklar aytildi, dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda O‘zbekistonning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi qayd etildi. Bular haqida QALAMPIR.UZ alohida dastur tayyorlagan. Uni YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin. 

Esingizda bo‘lsa, Yangi yil arafasida va undan keyin, hatto, bayram oqshomida ham Farg‘onaning Buvayda tumanidagi 37-maktab o‘qituvchilari tun-u kun navbatchilikka majburlangandi. Garchi topshiriq yuqoridan kelgan bo‘lsa-da, kaltak yana bechora maktab direktorining boshida sinib, u lavozimidan ozod etilgandi, navbatchilikka bosh bo‘lib, o‘zi uyida Yangi yilni kutib olganlar suvdan quruq chiqqandi. Lekin, kayfu safo uzoqqa cho‘zilmadi. Endi direktorni nohaq ishdan bo‘shatgani uchun Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i jazolandi. 

Davlat mehnat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, boshliqqa maktab direktorini lavozimidan olish, shuningdek yangi direktorni ishga tayinlash jarayonlarida mehnat qonunchiligi talablarini buzgani uchun ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, mehnat qonunchiligini buzgan Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan ham ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, pedagog xodimning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilgan Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mansabdor shaxsiga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari taalluqligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jinoyat Toshkent Surxondaryo Shavkat Mirziyoev DXX Bahodir Qurbonov Eron jinsiy zo'ravonlik Andijon Armiya Milliy xavfsizlik kontseptsiyasi Taftish.uz Bayraktar droni Shuhrat Holmuhamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing