Dallasdagi turarjoy binosida kuchli portlash bo‘ldi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 28 may kuni AQSHning Dallas shahrida gaz sizib chiqishi ortidan kuchli portlash yuz berdi va turarjoy binosini vayron qildi. Hodisa oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohatlandi. Bu haqda CBS News xabar berdi.

Qayd etilishicha, turarjoy binosi kuchli portlashdan keyin deyarli butunlay vayron bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash gaz sizib chiqishi oqibatida kelib chiqqan. Hodisa tufayli kamida uch kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi jarohatlangan.

Voqea shahar sharqidagi “El Ricardo” turar joy majmuasida yuz bergan. Dallas yong‘in-qutqaruv xizmatining xabar berishicha, soat 12:47 atrofida gaz sizib chiqishi bo‘yicha chaqiruv kelib tushgan, favqulodda xizmatlar voqea joyiga yetib borganidan ko‘p o‘tmay esa portlash sodir bo‘lgan.

Voqea joyiga juda katta kuch va vositalar safarbar etilgan. Oqibatlarni bartaraf etishda 71 ta bo‘linma va 120 ga yaqin o‘t o‘chiruvchi ishtirok etgan. Kunduzi soat to‘rtlarga kelib ochiq yong‘inni qurshab olishga muvaffaq bo‘lingan, biroq qutqaruvchilar vayronalarni tozalash va ehtimoliy jabrlanuvchilarni qidirish ishlarini davom ettirgan.

Keyinchalik rasmiy idoralar uch kishi – ikki ayol va bir bola halok bo‘lganini tasdiqlagan. Favqulodda xizmatlar vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar soni o‘zgarishi mumkin, chunki vayron bo‘lgan binoni ko‘zdan kechirish ishlari kechqurun ham davom etgan.

Besh kishi turli darajada jarohat olgan. Ulardan uch nafari tez yordam xodimlari tomonidan shifoxonaga yetkazilgan, yana ikki kishi tibbiy yordam so‘rab o‘zi murojaat qilgan. Jabrlanganlardan birining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Portlashdan so‘ng qo‘shni turarjoy majmuasi va yaqin atrofdagi xususiy uy aholisi evakuatsiya qilingan. Jabrlanganlarni mehmonxonalarga vaqtinchalik joylashtirish tashkil etilgan, shuningdek, oilalarga yordam ko‘rsatish markazi ochilgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ular kuchli gumburlashni eshitgan, shundan so‘ng vayron bo‘lgan binoni va vayronalar ostidan chiqishga urinayotgan odamlarni ko‘rgan. Mahalliy aholidan birining aytishicha, u yong‘in kuchayishidan sal oldin vayronalar ostidan o‘z kuchi bilan chiqib olgan qizchani ko‘rgan.

“Atmos Energy” kompaniyasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, fojiaga gaz yetkazib beruvchiga aloqasi bo‘lmagan qurilish brigadasi tomonidan gaz quvuriga shikast yetkazilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda hududda gaz ta’minoti o‘chirilgan, hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Vashington shtatidagi qog‘oz zavodida kimyoviy rezervuar portlab ketgandi. Oqibatda bir kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz nafar xodim bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh gaz portlash Dallas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing