AQSHdagi zavodda kuchli portlash sodir bo‘ldi (video)

Olam

image

AQSHning Vashington shtatidagi qog‘oz zavodida kimyoviy rezervuar portlab ketdi. Oqibatda bir kishi halok bo‘ldi, yana to‘qqiz nafar xodim bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda CBS News xabar berdi.

Qayd etilishicha, yirik favqulodda hodisa Vashington va Oregon shtatlari chegarasida joylashgan Longvyu shahridagi Nippon Dynawave Packaging Co. qog‘oz fabrikasida yuz bergan. Korxonada qog‘oz ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan kimyoviy modda to‘ldirilgan rezervuar portlagan.

Mahalliy hokimiyat organlarining ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan. Yana to‘qqiz nafar ishchi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turibdi. Ularning oilalari bo‘lib o‘tgan voqea haqida xabardor qilingan.

Shuningdek, zavodning sakkiz nafar xodimi va bir nafar o‘t o‘chiruvchi jarohatlangan. Ayrimlar kuyish va nafas olish yo‘llarining shikastlanishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlanganlarning ahvoli yengildan to o‘ta og‘ir darajagacha deb baholanmoqda.
PeaceHealth St. John Medical Center shifoxonasidan ma’lum qilishlaricha, avariyadan so‘ng to‘qqiz kishi qabul qilingan. Keyinchalik to‘rt nafar bemor Portlenddagi kuyish markaziga o‘tkazilgan.

Yong‘in xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, korxonada qog‘oz sanoatida qo‘llaniladigan, natriy gidroksidi va natriy sulfidi asosidagi kimyoviy eritma — “oq ishqor” bo‘lgan rezervuar vayron bo‘lgan.

Dastlab taxminan 80 ming gallon hajmdagi rezervuar 60 foizga to‘la bo‘lgani xabar qilingan. Keyinchalik rasmiylar sig‘imda taxminan 900 ming gallon modda bo‘lganiga aniqlik kiritgan. Avariyadan so‘ng shikastlangan rezervuar ichida taxminan 90 ming gallon kimyoviy modda qolgan bo‘lishi mumkin.

Qutqaruvchilarning ta’kidlashicha, konstruksiya hali ham barqaror emas va favqulodda xizmatlar uchun xavf tug‘dirmoqda. Hodisa sabablari hozircha aniqlanmagan.

“Hozirgi vaqtda biz bor e’tiborimizni odamlarni qutqarish va vaziyatni barqarorlashtirishga qaratganmiz”, deydi Koulits okrugi yong‘in-qutqaruv xizmati rahbari Skott Goldsteyn.

Vashington shtati gubernatori Bob Fergyuson ham yuz bergan voqeaga munosabat bildirgan.

“Vashington shtati aholisi nomidan barcha jabrlanganlarga aytmoqchiman: biz siz bilan birgamiz. Yordam berish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, deydi u.

Voqea joyiga 40 ga yaqin o‘t o‘chiruvchi va shifokorlar, shuningdek, xavfli moddalar bilan ishlash bo‘yicha mintaqaviy guruh safarbar etilgan. Korxonada jami 1000 ga yaqin kishi mehnat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy shimolida joylashgan ko‘mir konida yuz bergan portlash oqibatida 82 kishi halok bo‘lgandi, yana 9 kishi bedarak yo‘qolgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh portlash zavod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing