20 yil qamoq. Endi narkojinoyatchilar og‘irroq jazolanadi

3-sahifa

image

Endilikda narkojinoyat sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilmaslik yoki jazosini yengilrog‘i bilan almashtirmaslik tartibi joriy etiladi. Bu  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son farmonida belgilangan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalariga asosan shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod etilishi yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilishi mumkin. Biroq, narkojinoyat sodir etgan shaxslar bilan bunday amaliyot qo‘llanmaydi.

Shuningdek, endi O‘zbekistonda har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki uni jalb qilgan holda sodir etish javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida qayd etiladi, shuningdek, ularni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ularga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish uchun jazo 2 baravarga og‘irlashtiriladi hamda aynan ushbu joylarda voyaga yetmaganlarni mazkur moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Endi narkotiklarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish, narkojinoiy uyushma yoki g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi va ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.

Prekursorlarning noqonuniy muomalasi va ulardan foydalanish tartibini buzganlik uchun ham ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi. Mamlakatda sanoat va tibbiyotda foydalaniladigan kimyoviy moddalar (prekursorlar) ning narkotiklarni noqonuniy tayyorlash jarayoniga kirib borishining oldini olish maqsadida: 

  • prekursorlar ro‘yxati xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda kengaytiriladi va uni soddalashtirilgan tartibda yangilab borish (to‘ldirish) mexanizmlari joriy etiladi;
  • prekursorlar ishlab chiqarilishidan (xorijdan keltirilishidan) boshlab, realizatsiya qilinishigacha (tranzit, mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish, sotish, saqlash, berish va boshqa) bo‘lgan barcha jarayonlarni qat’iy elektron nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi prekursorlar muomalasi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi va ularning noqonuniy aylanmasi yuzasidan huquq-tartibot organlariga taqdimnoma kiritadi.

Internetdagi narkodo‘konlarni hamda narkojinoyatlarni sun’iy intellekt yordamida aniqlash va bloklashga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha yoshlar o‘rtasida xakaton o‘tkazilib, eng maqbullari amaliyotga joriy qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

narkojinoyat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing