Mahalla maydonidan katta futbolgacha: DXX kubogiga qur’a tashlandi (fotoreportaj)

Sport

photo_2026-08-17_15-18-22

Bugungi kunda o‘zbek futboli faqat stadionlardagi professional jamoalar o‘yini bo‘lib qolmayapti. So‘nggi yillarda mahallalardan boshlangan ommaviy futbol harakatiga minglab yoshlar qo‘shilmoqda. Bu jarayonda 2021 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kubogi ham muhim maydonlardan biriga aylandi.

Joriy yilda musobaqalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol va mini-futbol, qizlar o‘rtasida esa mini-futbol bo‘yicha uch bosqichda tashkil etilmoqda. Birinchi bosqich aprel-may oylarida tuman va shaharlarda, ikkinchi bosqich iyun-iyul oylarida hududlar miqyosida o‘tkazildi.

Endi navbat respublika bosqichiga. 17-22 avgust kunlari “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida 42 ta jamoa g‘oliblik uchun kurashadi. 22 avgust kuni esa turnirning final uchrashuvi “Jar” stadionida o‘tkaziladi.

Qur’a: futbolning turli avlodlari bir maydonda

Respublika bosqichi oldidan jamoalarning guruhlardagi taqsimoti uchun qur’a tashlash marosimi “Bunyodkor” stadionida o‘tkazildi. Tadbirni taniqli jurnalist Davron Fayziyev olib bordi.

Qizlar o‘rtasidagi mini-futbol bahslari uchun qur’alarni O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Katrina Kalbayt hamda terma jamoa a’zosi Feruza Turdiboyeva ochib berdi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi mini-futbol yo‘nalishida esa O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Sanjar Tursunov, terma jamoa a’zosi Behruz Karimov va milliy jamoaning sobiq darvozaboni Ignatiy Nesterov qur’a tashlash jarayonida ishtirok etdi.

DXX kubogining katta futbol yo‘nalishidagi qur’alarni esa o‘zbek futboli afsonalari Mirjalol Qosimov va Ravshan Ermatov ochib berdi. Bir vaqtlar mamlakat futboli sharafini himoya qilgan bu nomlar bugun yosh futbolchilar uchun muhim bosqich respublika bosqichi oldidan o‘tkazilgan qur’a marosimida ishtirok etdi.

Qur’a jarayonining o‘ziga xos jihati shundaki, unda futbolning turli avlodlari vakillari tajribali afsonalardan tortib, bugungi milliy terma jamoa a’zolarigacha bir maydonda jam bo‘ldi.

Shu tariqa, respublika bosqichida kim kimga qarshi maydonga tushishi aniqlangan qur’a marosimida ham o‘zbek futbolidagi kecha, bugun va ertangi kun bir nuqtada uyg‘unlashdi. Bugungi futbol afsonalari va terma jamoa vakillari ishtirokida o‘tgan ushbu jarayon esa DXX kubogining yoshlar uchun oddiy musobaqadan ko‘ra kengroq ma’no kasb etayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

Bu yilgi DXX kubogi musobaqalarining o‘zi 262 ming nafardan ortiq yoshni qamrab oldi. Ammo DXX kubogining ahamiyati faqat raqamlar yoki sovrinlar bilan cheklanmaydi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi direktori Diyop Imomxo‘jayevning fikricha, turnirning eng katta natijalaridan biri – ommaviy futbolning jonlanishidir.

“DXX kubogini bergan eng yaxshi narsalardan bittasi – ommaviy futbolni jonlantirib bergani”, deydi u.

“DXXdan keyin professional futbolga kirdim”

Diyora Mahmudova 2023 yildan beri DXX kubogida ishtirok etadi. 2024 va 2025 yillarda ketma-ket respublika bosqichiga chiqqan. 2024 yilda finalda penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lib, ikkinchi o‘rin bilan kifoyalangan. Shuningdek, turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘lib, “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritgan.

2026 yil esa Diyora uchun yangi bosqichni boshlab berdi – u professional futbolchi bo‘ldi.

DXX kubogidagi ishtiroki ortidan sport maktabida shug‘ullanishda davom etgan futbolchi “Bunyodkor Women” jamoasi ko‘rigiga chaqirilgan. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, klub bilan shartnoma imzolagan.

“DXX kubogining samarasi juda katta bo‘ldi. Shu orqali professional futbolga kirib keldim. Ko‘rikka chaqirishdi, bordim, yoqdim va shartnoma tuzdim”, deydi Diyora Mahmudova.

Uning hikoyasi DXX kubogining qizlar futboli uchun ham yangi imkoniyatlar ochayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda qizlar o‘rtasida DXX kubogining mini-futbol bahslari o‘tkazilmoqda. Qizlar o‘rtasida katta futbolni ham turnir dasturiga kiritish masalasi esa kelajakdagi bosqichlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Diyop Imomxo‘jayevning fikricha, buning uchun avvalo hududlarda ayollar futboli tizimini rivojlantirish, ikkinchi liga musobaqalarini yo‘lga qo‘yish va professional ayollar futbolini tartibga solish zarur.

“DXX kubogi olti yil davomida shu platformani yaratib berdi. Endi katta futbolni hududiy assotsiatsiyalar o‘tkazadigan darajaga chiqarish, keyingi bosqichda esa professional ayollar futbolini tartibga solish kerak”, deydi u.

Diyora esa kelajakdagi maqsadini allaqachon belgilab olgan. Professional faoliyatini endigina boshlagan futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida maydonga tushishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

“Milliy terma jamoada o‘ynab, O‘zbekiston nomidan maydonga tushish orzuim edi. Xudo xohlasa, bu amalga oshish arafasida”, deydi u.

DXX kubogi doirasidagi natijalar ham faqat futbolchilarning shaxsiy yutuqlari bilan o‘lchanmaydi. Respublika bosqichida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha g‘olib bo‘lgan jamoalar mahallasiga mini-futbol maydoni, ikkinchi o‘rin sohiblari mahallasiga universal sport maydoni, uchinchi o‘rin egalari mahallasiga esa “Stritbol” maydoni qurib beriladi. Qizlar o‘rtasidagi musobaqada esa g‘olib va sovrindor jamoalar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Shu ma’noda, DXX kubogi bir necha kunlik musobaqadan ko‘ra kattaroq jarayonni anglatadi: mahallada futbol o‘ynayotgan bola uchun yangi maydon, iqtidorli futbolchi uchun professional klub eshigi, qizlar uchun esa katta futbolga chiqish imkoniyati.

Qu’ra natijalari quyidagicha: 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing