DXX O‘zbekistonda qanday dronlar borligini ochiqladi (video)

Jamiyat

image

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlardan birida yuqori texnologiyalarga asoslangan uchuvchisiz uchish aviatsiya tizimlari majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan DXX raisi Bahodir Qurbonov majmuada xizmat olib borish ham mas’uliyat, ham sharaf ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, so‘z olganlar dunyoda kun sayin ortib borayotgan tahdid va xatarlar sharoitida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan samarali foydalanish xavfsizlikni ta’minlashning muhim strategik omillaridan biri ekanini aytgan.

Majmuaning Parvozlarni boshqarish markazida yuqori qo‘mondonlik hamda kuch tuzilmalari vakillari ishtirokida amaliy o‘quv jarayoni ham o‘tkazilgan. Unda Turkiyadan sotib olingan Bayraktar TB-2 droni shartli nishonni havo-yer raketasi bilan yo‘q qildi. Bayraktar TB2 Turkiyaning zarbdor operativ-taktik o‘rta-balandlikda uchuvchi dronidir. 4 ta osma boshqariladigan o‘q-dorilarga ega bo‘lgan Bayraktar TB2 osmonda 12 soatdan 24 soatgacha uchishi mumkin. Maksimal boshqaruv masofasi 150 km gacha. Bu osmonda doimiy ravishda navbatchilik o‘tashga va nishonlarni aniqlagandan so‘ng, oldingi chiziqqa o‘tib tezda raketalarni uchirishga imkon beradi (reaksiya vaqti aviatsiyaga qaraganda ancha qisqa bo‘ladi va bu qisqa vaqt ichida mavjud bo‘lgan nishonlarni samarali urish imkonini beradi). Ushbu dron "Baykar Makina“ xususiy kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan va ishlab chiqariladi.

DXXga ko‘ra, O‘zbekiston Turkiya-Pokiston hamkorligida ishlab chiqarilgan YIHA-III kamikadze dronlariga ham ega. Xabarda aytilishicha, uchuvchisiz dronlar borasida 100 dan ortiq harbiy xizmatchilar xorijda o‘qitilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkor ravishda qabul qilish maqsadida Call-markaz faoliyat yurita boshlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

DXX Bahodir Qurbonov YIHA-III kamikadze dronlari Bayraktar TB-2

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing