DXX Andijonda kuchli ta’sir qiluvchi dori sotuvchi uyushgan to‘dani ushladi

3-sahifa

image

Andijonda Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy olib kelingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1988 va 1991 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan aka-uka 2 nafar qarindoshini jalb etgan holda, kishiga vaqtinchalik sarxushlik bag‘ishlaydigan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining barqaror savdosini yo‘lga qo‘ygan.

Dastlab, viloyat markazidagi “Navoiy” shoh ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1997 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 70 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

So‘ngra uning ko‘rsatmasi asosida jinoiy guruhning boshqa bir a’zosi – muqaddam 3 marotaba sudlangan, 1983 yilda tug‘ilgan ayolning yashash xonadonidan tarkibida psixotrop moddalar turkumiga kiruvchi “trigeksifenidil gidroxlorid” moddasi bo‘lgan 75 dona “Siklodol” dori vositasi, shuningdek, 1715 dona “Regapen”, 211 dona “Tropikamid”, 200 dona “Zardeks”, 185 dona “Lirika” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Bundan tashqari, jinoiy guruh yetakchilari bo‘lgan aka-ukaning mahalliy aholi orasida Elektroset ko‘chasi deya ataluvchi A.Haydarov ko‘chasida joylashgan yashash xonadonida, shaharning Amir Temur ko‘chasida joylashgan ularga tegishli “XXX” tungi klubida va avtomashinalar yuvish shahobchasida ham tintuv-tergov harakatlari o‘tkazilgan.

Natijada, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan umumiy qiymati 103 mln. so‘mlik 3000 dona “Tropikamid”, “Regapen”, “Lirika” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, “bita” tayoqlari, o‘tkir tig‘li jismlar, aloqa vositalari, katta miqdordagi pul mablag‘lari, hisob-kitob daftarlari, garov sifatida qoldirib ketilgan haydovchilik guvohnomasi, diplom, nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma, fuqarolik pasportlari aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Bundan tashqari, DXX xodimlari tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalar savdosiga qarshi o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbirda esa Andijon shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasi shaharning Do‘stlik MFY hududida to‘xtatilib tekshirilganda, unda 2296 dona “Lirika”, 1598 dona “Tropikamid” va 337 dona “Regapen” dori vositalari borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan.

Bu kabi tadbirlardan yana biri Oltinko‘l tumanida o‘tkazilib, unda “Namangan – Andijon” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Lacetti avtomashinasida 4032 dona “Regapen” hamda 971 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 yilda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ushbu dori vositalarini Andijon shahrida sotishni rejalashtirgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

DXX Andijon

Baholaganlar

86

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing