DXX Haj va Umra ziyoratiga noqonuniy yubormoqchi bo‘lgan 5 kishini ushladi (video)
3-sahifa
−
18 fevral
2945Namangan, Xorazm, Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Haj va Umra ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Jumladan, Namangan viloyatida qayd etilgan holatda, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini Namangan shahridagi sayyohlik firmalaridan biri orqali joriy yilgi mavsumda Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ikkinchi bir holatda esa Namangan shahridagi turistik firmada ish yurituvchi bo‘lib ishlovchi, 1981 yilda tug‘ilgan shaxs 2 nafar fuqaroni ushbu firma orqali joriy yilgi Haj mavsumida ezgu amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 15 ming dollar talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Xorazm viloyatining Gurlan tumanida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan shaxs Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida istiqomat qiluvchi 3 fuqaroni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi, lekin tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan turistik firma orqali Umra ziyoratiga yuborish evaziga 3450 dollar olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshloq tumanida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan shaxs Umra ziyoratini tashkil etishga vakolati bo‘lmasa-da, viza rasmiylashtirib berish orqali Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi 2 fuqaroni Umra safariga jo‘natish evaziga 2400 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, viloyatning Quva tumanida 44 yoshli shaxs Telegram messenjeridagi profili orqali go‘yoki Umra ziyoratiga yuborish bilan shug‘ullanuvchi firmasi borligini aytib, aynan Umra vizasi bilan 2 fuqaroni ziyoratga jo‘natish evaziga 3100 dollar talab qilib, oldindan 1800 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning 3 ta viloyatida fuqarolarni noqonuniy tarzda Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborishga uringanlar ushlangandi.
LiveBarchasi