Diyego Forlan Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi
Sport
−
13 iyul 1395 2 daqiqa
2010 yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Diyego Forlan Urugvay milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda Urugvay futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma 2027 yilning martiga qadar amal qiladi. Uning muddati yakunlanganidan so‘ng, assotsiatsiya rahbariyati Forlan bilan hamkorlikni davom ettirish yoki ettirmaslik masalasida qaror qabul qiladi. Qayd etilishicha, Urugvay futbol assotsiatsiyasida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari sababli tashkilot hozircha uzoq muddatli shartnoma tuzishga tayyor emas.
47 yoshli mutaxassis 2023 yildan buyon milliy terma jamoani boshqarib kelgan Marselo Belsaning o‘rnini egalladi. Uning boshchiligida Urugvay 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan bo‘lsa-da, musobaqada birorta ham g‘alaba qozona olmadi va guruh bosqichidan chiqa olmadi. Jamoa Saudiya Arabistoni bilan 1:1, Kabo-Verde bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi hamda Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Forlan murabbiylik faoliyatini 2019 yil dekabr oyida Urugvayning “Penyarol” klubida boshlagan. Biroq 2020 yil sentyabr oyida lavozimini tark etgan. 2021 yil mart oyida esa “Atenas” klubini qabul qilib olgan va u yerda olti oy ishlagan.
Futbolchilik faoliyati davomida Forlan Angliyaning “Manchester Yunayted”, Ispaniyaning “Vilyarreal” va “Atletiko”, Italiyaning “Inter”, shuningdek, Argentina, Braziliya, Yaponiya, Hindiston hamda Gonkong klublari sharafini himoya qilgan.
Ma’lumot uchun, Urugvay milliy terma jamoasi safida Forlan 112 ta uchrashuvda maydonga tushib, 36 ta gol urgan. U mamlakat terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
2011 yilda Forlan Urugvay bilan Kopa Amerika musobaqasida chempionlikni qo‘lga kiritgan. 2010 yilgi Jahon chempionatida esa Urugvay to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Forlan turnirda 7 ta uchrashuvda 5 ta gol urib, musobaqaning ham eng yaxshi futbolchisi, ham eng yaxshi to‘purarlaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
Live
Barchasi