Diniy qo‘mita Facebook’dagi shovshuvli bahs-munozaraga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Facebook sahifalarida dinga oid mavzularda turli chiqishlar uchramoqda. Turli tortishuv va bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan mavzularga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Matbuot xizmati o‘z munosabatini bildirdi.

“Avvalo, diniy ta’limot o‘ta nozik va hassos bo‘lgani tufayli muayyan din nomidan va uning mohiyati haqida faqatgina mutaxassislar munosabat bildirishlari maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Shuni qayd etish lozimki, O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’i nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.

Yurtimiz hududida diniy manbalar, qadriyatlar, muqaddas tuyg‘ular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q”, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 90 foizidan ortig‘i Islom diniga e’tiqod qiladi.  Diniy qo‘mita mo‘min-musulmonlarning haq-huquqlariga katta e’tibor berilayotgan bir davrda ularning e’tiqodlariga taalluqli masalalarda keng jamoatchilik orasida salbiy ruhdagi, keskin bahs va munozaralarga sabab bo‘ladigan fikr-mulohazalarning ifoda etilishi tashvishlanarli ekanligini ta’kidlagan.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Safar Kattaboyev” nomli profil egasi tomonidan O‘zbekistonda Qur’oni karimning ayrim oyat va suralarini taqiqlash kerakligi yuzasidan bildirgan qarashlari ommaviy muhokamaga sabab bo‘lmoqda. 

Qur’oni karim – Alloh taoloning muqaddas kitobi. Undagi sura va oyatlarni insonlar tomonidan taqiqlashga urinish, Qur’oni karimga nisbatan bunday fikr aytish mantiqsizlik. Jamiyat mavjud ustuvor g‘oyaga qarshi fikrlar tashlash oqibatida, noroziliklar kelib chiqishi, ixtiloflar yuzaga kelishi mumkinligi voqe’likda ma’lumdir. Tarixda esa ana shunday ishlarning oxiri ayanchli yakun topgani ko‘pchilikka ma’lum.

Yana bir muhim jihatni yodda saqlash zarur. Internet tarmoqlaridagi voqea-hodisalarga fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og‘ir-bosiq bo‘lish lozim. Sof e’tiqodli, keng dunyoqarashli kishi bunday vaziyatda qalb va aql amri bilan ish tutadi. Hissiyot va fitnaga solmoqchi bo‘lganlarga imkon berish aqldan emas. Shu o‘rinda, muqaddas Qur’oni karimni o‘zgarishsiz saqlanishi haqidagi Hijr surasidagi: “Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz o‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz saqlaguvchimiz” oyatini eslagan holda, hadisi sharifda aytilganidek: “Mo‘min kishi oqil, farosatli, ziyrak va hushyor bo‘ladi”, deyiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bayonotida. 

Shu bilan birga “Safar Kattaboyev” nomli profil egasi va internet foydalanuvchilari Islom dinining mo‘’tabar manbalari va qadriyatlariga taalluqli mavzularda salbiy bahs-munozaralar keltirib chiqaradigan fikrlarni tarqatishdan saqlanishdan qat’iy chaqirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunida fuqarolarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, amaldagi qonun hujjatlarida millatlararo adovat uyg‘otish, axloqiy negizlarni va fuqaroviy totuvlikni buzishda, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatish ifodalangan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun ham javobgarlik belgilangani haqida ogohlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Facebook Diniy qo'mita

Baholaganlar

280

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing