Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra ziyoratiga bormoqchi bo‘lganlarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
24 Oktabr 2023
21397Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolarga Umra ziyoratini shu yilning 1 noyabridan so‘ng tashkil qilishni reklama qilayotgan har qanday turfirmaning litsenziyasi mavjud yoki yo‘qligini tekshirishni tavsiya qildi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 8 avgust kungi qarori bilan turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining umra xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etilmoqda:
• 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yadi;
• umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlaydi;
• umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishini ta’minlaydi;
• umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish ta’qiqlanadi;
• umra xizmatlarini Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qo‘llanadi.
Shuningdek, qo‘mita endilikda faqat umra litsenziyasiga ega bo‘lgan turistik tashkilot bunday tadbirlarni tashkil etishini bildirib, umra faoliyatini 1 noyabrdan so‘ng tashkil qilishni reklama qilayotgan har qanday turfirmaning litsenziyasi mavjudligini surishtirib olishni tavsiya qildi. Qo‘mita noqonuniy turfirma yoki turagentlardan ogoh bo‘lishga chaqirgan.
LiveBarchasi