Dildora Islomova Toshkentdagi qurilishlar haqida: “Men shahrimizga achinaman”

Jamiyat

image
Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+) north_east

Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)

Taniqli teleboshlovchi va jurnalist Dildora Islomova Toshkentda qurilish sohasida yuz bergan “portlash” atrof-muhitga mislsiz zarar berayotgani va shaharga achinishini ma’lum qildi. Teleboshlovchi qurilishdagi me’yorsizlik va o‘zbilarmonlik shahar chiroyiga putur yetkazayotganini aytib o‘tgan. 

“Men o‘z shahrimga achinaman. Avvallari bizning iftixorimiz bo‘lgan narsalar, uyat va hayrat buyumlariga aylanyapti. Qachonlardir chiroyli va yashil bo‘lgan Toshkent, ulkan chinor va kashtanlari bo‘lgan qulay Markaz-1 dahasi bugun ko‘z o‘ngimda yashash uchun noqulay, hech narsaga yaramaydigan nafratlanarli zich qurilishlari, daraxtlari kesilgan, ularni endi daraxt ham deb bo‘lmaydi, kir, ariqlarning atrofi va ichiga e’tibor berilmagan rayonga aylanyapti.

Sodiq Azimov, O‘zbekiston ovozi, Shastri ko‘chalarining bari o‘z holicha ko‘k, qora oynali, baland-past va shubhali go‘zallikdagi ampir stilida qurilgan uylar bilan rasvo holga keldi.

Estetika – nol.
Qulaylik – nol.

Shunday qilib, butun shaharni yo‘q qilyapmiz, hurmatli hamshaharlar.

Qurilish ustiga qurilish:

•  Ekopark (endi u hech qanday eko emas...) yaqinidagi ijod markazi;
•  9 qavatli uy eski noyob Bolalar kutubxonasi yonidagi kinoteatr o‘rnida qurildi va pardoz ishlari yakunlanyapti;
•  Nima uchun qurilayotgani noma’lum bo‘lgan 3-bino mavze ichida 4 qator avtomobil garajlari va chinor (daraxtlar yo‘q qilindi) o‘rnida “o‘sib chiqdi”.

Men hammasini sevgi va Vatanga muhabbat emas, PUL va ALOQALAR boshqarayotganini tushunaman.

Xafaman va bir vaqtning o‘zida jahlim chiqyapti.

Quruvchining qoqiguldek vakili – yoshgina yigit hayratda, ich-ichidan taajjublanib, biz nega yashil hovlimizda qurilish bo‘lishini xohlamayotganimizni tushunmayapti.

Biz nega xohlamayapmiz, qiziq va ajablanarli...”, degan Dildora Islomova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Darhaqiqat, poytaxt Toshkentda biror joy qolmadiki, qurilish bo‘lmasin. Katta-katta yuk mashinalari tuproq, shag‘al tashigan, yo‘llar kir va og‘ir yuk o‘taverganidan yig‘lagulik holga kelib qolgan. Odamlar uyiga toza havo kirishi uchun oynasini ochishdan chekinyapti. Chunki tashqaridan faqat chang kiradi. Shahar esa kun sayin sun’iy zavq ulashuvchi plastik buyumlar, reklama bannerlariga to‘lib boryapti. 

Toshkentda koronavirus emas, qurilishlar va chang-to‘zon odamlarni niqob taqib yurishga majbur qilib qo‘ymayaptimi? Eng qizig‘i, ekologiya va atrof-muhitga, odamlar salomatligiga mas’ul tashkilotlar og‘ziga tolqon solgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent qurilish Dildora Islomova

Baholaganlar

671

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing