Diqqat! “Toshkent – Istanbul” yo‘nalishida yana bir reys qoldirildi

Jamiyat

image

Turkiyadagi noqulay ob-havo o‘zbekistonga amalga oshirilishi kerak bo‘lgan parvozlar jadvaliga ta’sir qilishda davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi joriy yilning 25-26 yanvar kunlari “Istanbul-Toshkent” aviaparvozlari vaqti yuzasidan bo‘layotgan ko‘plab murojaatlar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 26 yanvar soat 01:35 da uchishi kerak bo‘lgan TK-0368 “Toshkent – Istanbul” reysi ham qoldirildi. Bungacha , 25 yanvar kuni amalga oshirilish rejalashtirilgan HY – 271/272/273/274 “Toshkent – Istanbul – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha reyslar bekor qilingandi.

Bosh konsulxona aeroport va yo‘llardagi tirbandlikni, hamda parvozlar bekor etilganligini e’tiborga olib, O‘zbekiston fuqarolariga qat’iy ravishda aeroportga bormaslikni tavsiya etmoqda.

“Ayni shu vaqtda aeroportda turli davlatlar fuqarolari to‘planib qolib, yeb-ichish, hojatxona, kutish, PZR-test topshirish, aloqa va boshqa muammolar ko‘zga tashlanmoqda”, deyiladi diplomatik idora xabarida.

Shuningdek, aeroportda protest qilgan shaxslarga nisbatan politsiya tomonidan chora ko‘rilgani haqida ma’lumotlar olingani qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, bekor qilingan parvozlar yo‘lovchilari chiptaning to‘liq qiymatini sotib olgan joylaridan qaytarish, parvozlar qayta tiklanganidan so‘ng boshqa kunga bepul ko‘chirish huquqiga egadirlar.

Avvalroq, “Uzbekistan airways” AJ matbuot kotibi Kamola Ikromova QALAMPIR.UZ'ga hozirda Istanbul va Anqara shaharlarida O‘zbekistonning ikkita samolyoti turganini, biroq noqulay ob-havo sharoiti tufayli ucha olmayotganini ma’lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat Turkiya shaharlaridan O‘zbekistonga, balki Toshkentda ham 400 dan ortiq chipta olib, kutib o‘tirgan yo‘lovchilar bor.

Matbuot kotibining ta’kidlashicha, Anqara aeroportida qolayotgan yo‘lovchilar to‘liq mehmonxonaga joylashtirilgan, Istanbul aeroportidagi yo‘lovchilarga esa issiq ovqat bilan ta’minlangan. Biroq boshpana berilmagan. Xarajatlarni esa O‘zbekiston tomoni qoplagan.

Ma’lumot uchun, joriy haftada Turkiyaning bir qator shaharlarini qor qopladi. Kuchli qor yog‘ishi mamlakatning eng yirik shahri Istanbulda transport harakati, shuningdek aviaparvozlarni to‘xtatib qo‘ygan. Yo‘llarda esa katta tirbandliklar yuzaga kelgan, odamlar mashinalarini yo‘l chetiga qo‘yib, piyoda yurishga majbur bo‘lgan. Metroda piyodalar oqimi tufayli tiqilinch yuzaga kelgan. Shuningdek, shaharda savdo markazlari va bir qancha korxonalar yopilgan. Istanbul aeroportida parvozlar kechiktirilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya aeroport qor

Baholaganlar

31

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing