Diqqat! 1 noyabrdan grin-karta uchun arizalar qabuli boshlanishi mumkin

Olam

−

image

Kaliforniya Janubiy okrugi federal sudi AQSH Davlat departamentiga arizalar qabuli aslida 2025 yilning kuzida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan DV-2027 grin-karta lotereyasini o‘tkazish majburiyatini yukladi. Sud qaroriga ko‘ra, arizalarni qabul qilish jarayoni 2026 yil 1 noyabrdan kechiktirmasdan ochilishi kerak.

Tegishli qarorni 14 oktyabr kuni sudya Jinsuk Ota chiqargan va AQSH Davlat kotibi Marko Rubioga qarshi da’vo arizasi kiritgan Red Eagle Law yuridik firmasining iltimosnomasini qanoatlantirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, dastlab sud Davlat departamentiga ro‘yxatdan o‘tish sanalarini 15 oktyabrgacha e’lon qilish, arizalar qabulini 18 oktyabrdan kechiktirmay ochish va uni 30 kun davomida o‘tkazish majburiyatini yuklagan. Saralab olingan ishtirokchilar natijalarini esa 19 noyabrgacha e’lon qilish ko‘zda tutilgandi. Biroq keyinroq ikkala tomon ham muddatni ikki haftaga surishni so‘ragan. Sud ularning birgalikdagi iltimosnomasini qanoatlantirgan.

Red Eagle Law bergan ma’lumotga ko‘ra, yangilangan jadvalga muvofiq, Davlat departamenti ro‘yxatdan o‘tish sanalarini 29 oktyabrgacha e’lon qilishi, arizalar qabulini 1 noyabrdan kechiktirmay ochishi va tanlab olingan ishtirokchilarni 3 dekabrgacha xabardor qilishi kerak.

Shu bilan birga, sud qarori lotereyaning amalda to‘liq qayta tiklanganini anglatmaydi. Prezident Donald Tramp administratsiyasi ushbu qaror yuzasidan apellyatsiya berishi mumkin, biroq apellyatsiya topshirilganining o‘zi qarorning ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi.

Bugun, 16 oktyabr holatiga ko‘ra, DV-2027 dasturining rasmiy saytida arizalar qabuli hali ochilmagan.

Lotereya nega o‘z vaqtida o‘tkazilmadi?

DV-2027 uchun ro‘yxatdan o‘tish 2025 yilning kuzida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq AQSH Davlat departamenti arizalar qabuli boshlanganini e’lon qilmadi. O‘tgan yilning noyabr oyida Amerika rasmiylari dasturda ishtirok etish tartibi o‘zgarishini ma’lum qildi va ro‘yxatdan o‘tishning yangi muddatlarini keyinroq e’lon qilishga va’da berdi.

Joriy yilning avgust oyida Red Eagle Law yuridik firmasi Davlat departamentini lotereyani o‘tkazishga majburlash talabi bilan sudga murojaat qildi. Sentyabr oyida sud shoshilinch choralar ko‘rishni rad etdi, ammo ishni ko‘rib chiqishni davom ettirdi.

Oxirgi lotereyada qancha O‘zbekiston fuqarosi g‘olib bo‘ldi?

Diversity Visa dasturi har yili AQSHga immigratsiya darajasi nisbatan past bo‘lgan mamlakatlardan kelganlar o‘rtasida 55 minggacha immigratsiya vizalarini taqsimlashni nazarda tutadi.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, DV-2026 doirasida O‘zbekistondan 3754 nafar potensial arizachi (asosiy g‘oliblarning oila a’zolari bilan birga) tanlab olingan.

Qiyoslash uchun:

  • Tojikistondan – 3708 kishi;
  • Qirg‘izistondan – 3324 kishi;
  • Qozog‘istondan – 2723 kishi;
  • Turkmanistondan – 2542 kishi tanlab olingan.

Lotereyada tanlab olinish grin-karta olishni kafolatlamaydi. G‘oliblar keyingi jarayonlardan, jumladan, hujjatlarni tekshirish va suhbatdan o‘tishlari kerak. Rasmiy ro‘yxatdan o‘tish va natijalarni tekshirish dvprogram.state.gov sayti orqali amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi grin-karta lotereyasi (Diversity Visa Lottery) dasturi to‘xtatilganini e’lon qilgan edi. Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror Braun universiteti va Massachusets texnologiya institutidagi (MIT) otishmada gumon qilinuvchi mamlakatga 2017 yilda aynan ushbu dastur orqali kelgani ma’lum bo‘lgach, Prezident Donald Trampning topshirig‘i bilan qabul qilingan. Ushbu hodisada o‘zbekistonlik talaba Muxammadaziz Umurzoqov qurbon bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing