DXX va BP Ortiqxo‘jayevni tekshirolmaydi yoxud ishi bitgan deputatlar Ortiqxo‘jayevdan yuz o‘giradimi?
Tahlil
−
21 yanvar 2023
53597Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bugungi kunda daxlsizlik huquqini, senatorlik, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi maqomi hamda parlament yuqori palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Kengashning rahbarlar zaxirasini shakllantirish, tanlash, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha komissiyasi a’zoligini saqlab kelmoqda.
Biroq, yaqin kunlarda uni deputatlikdan ketkazish masalasi Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida ko‘tarilishi mumkin. Bu haqda Kengashning Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zosi Furqat Qalandarov hamda Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zosi Bobur Rasulov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
“Fikrimcha, bu masala yaqin kunlarda Kengashda ko‘tarilishi mumkin. Lekin bu hali noma’lum. Kutilmaganda kelgan ob-havo ko‘pchilikni sarosimaga solib qo‘ydi. Jumladan, rahbarimiz Ortiqxo‘jayevni ham. Natijada Prezident uni lavozimdan oldi. Lavozimdan ketganidan so‘ng sessiyada uning masalasi ko‘tariladi. Kengash esa uning ketish-ketmasligini hal qiladi”, deydi Furqat Qalandarov.
Uning aytishicha, tumanlarda tuman hokimlari mahalliy kengashlar deputatlariga raislik qilgani kabi Toshkent shahrida ham hokim Ortiqxo‘jayev Kengashga raislik qilib kelgan.
“Bu qonunga hali o‘zgartish kiritilgani yo‘q. Shu sababli u lavozimidan ozod etilgani uchun endi raislik qilolmaydi. Bu masala esa Kengashda, albatta, ko‘rib chiqiladi”, qo‘shimcha qildi u.
Qalandarovning fikrlarini Toshkent shahar deputati Bobur Rasulov ham tasdiqlar ekan, haqiqatdan ham yaqin kunlarda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi Ortiqxo‘jayevning deputatlik maqomini bekor qilish masalasini muhokamaga tashlashi mumkinligini aytdi.
“Hozirgi qoida bo‘yicha viloyatlar, Toshkent shahar va Qoraqalpog‘iston Respublikasining rahbarlari o‘z-o‘zidan Senatga qabul qilinadi. Senat a’zosi bo‘lishning shartlaridan biri esa o‘sha hudud deputati bo‘lib saylanishdir. U Toshkent shahar hokimligidan ketganidan so‘ng katta ehtimol bilan deputatlik va senatorlikni ham topshirishi mumkin. Bunda, albatta, Kengash deputatlarning fikrini ham inobatga oladi.
Ammo bu yerda boshqa jihatlar ham bor. Men bu haqida gapirgim kelmayapti”, deydi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosi, Cho‘lponota 6-okrug deputati Bobur Rasulov.
QALAMPIR.UZ muxbiri xuddi shunday, ya’ni Jahongir Ortiqxo‘jayevning senatorlikdan ketishi mumkin yo yo‘qligi haqidagi savol bilan Markaziy saylov komissiyasiga ham yuzlandi. Komissiya matbuot kotibi esa ushbu savolga qonunchilikdan kelib chiqqan holda javob berdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida"gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, senatorlar quyidagi hollarda vakolatidan ayrilishi yoki muddatidan oldin tugatilishi mumkin.
• yozma arizasiga ko‘ra;
• senatorlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq lavozimga o‘tganligida;
• sudning ayblov hukmi kuchga kirganda;
• sud muomalaga layoqatsiz deb topganda;
• bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoki vafot etganda;
• O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan taqdirda;
• palata tarqatib yuborilganda”, dedi Markaziy saylov komissiyasi Axborot xizmati rahbari Murodulla Alimboyev.
Shuningdek, u alohida hollarda Senatning qaroriga binoan senatorning vakolati muddatidan ilgari tugatilishi mumkinltigini qo‘shimcha qildi.Ortiqxo‘jayev masalasida esa hali saylov komissiyasiga ariza kelib tushmagan.
Qonunchilikda esa deputat, senator degan yuksak nomga dog‘ tushiruvchi xulq-atvor bunday masalani ko‘rib chiqish uchun asos bo‘lishi, deputatning, senatorning vakolatlarini boshqa bir shaxsga topshirish mumkin emasligi belgilangan.
Qonun Ortiqxo‘jayevning tekshirilishiga qarshi
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 16 yanvar kuni o‘tkazgan yig‘ilishini eslasak. Davlat rahbari unda Ortiqxo‘jayev va boshqalarni ishdan olib, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga lavozimidan ozod etilganlarni tekshirishni buyurdi. Shuningdek, Toshkent shahrining yangi prokurori Erkin Yo‘ldoshevga ham shunday topshiriq berildi. Aftidan bu topshriq Ortiqxo‘jayevga nisbatan ishlamaydi, yo Prezident uning deputatlik va senatorlik daxlsizligini yoddan chiqargan, yo kelajakda haqiqatdan ham Ortiqxo‘jayevni ushbu vakolatlardan mosuvo qilish kutilyapti.
"Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 11-moddasiga ko‘ra, deputat o‘zining vakolatlari muddati mobaynida daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi.
Tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Deputat tegishli xalq deputatlari Kengashida ovoz berish chog‘ida fikr bildirganligi yoki nuqtai nazarini bayon etganligi uchun hamda o‘z vakolatlarini amalga oshirishi bilan bog‘liq boshqa harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas, shu jumladan, vakolatlari muddati tugaganidan keyin ham javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Agar shunday xatti-harakatlar munosabati bilan deputat haqorat qilishga, tuhmat qilishga yoki qonunda javobgarlik nazarda tutilgan boshqa qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, u daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan taqdirda javobgarlikka tortiladi.
Qolaversa, "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasida deputat, senator o‘zining vakolatlari muddati mobaynida daxlsizlik huquqiga ega bo‘lishi belgilangan.
"Tegishli palataning roziligisiz deputat, senator jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Deputatni, senatorni majburiy keltirishga, shuningdek uning uy-joyi, xizmat xonasini, yuki, shaxsiy va xizmat transporti vositalarini, yozishmalarini, u foydalanayotgan aloqa vositalarini, shuningdek unga tegishli hujjatlarni ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi", deyilgan qonunda.
Deputatlar Ortiqxo‘jayevni qanday "xotirlaydi?"
Avvalroq Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olinganidan so‘ng shahar rivojiga qo‘shgan hissasi va yordami uchun minnatdorlik bildirgan edi. Lekin ko‘p o‘tmay bu xabar o‘chirib tashlandi.
QALAMPIR.UZ muxbiri mazkur holatga aniqlik kiritish uchun deputatlarga yuzlandi.
Kengash deputati Furqat Qalandarov mazkur voqea va uning tafsilotlaridan xabardor emasligini bildirgan bo‘lsa, Bobur Rasulov “minnatdorlik” barcha deputatlar nomidan emasligi, bu shunchaki Axborot xizmatining tashabbusi bo‘lishi mumkinligini aytdi.
“Ochig‘ini aytsam, bu masalada hammaning fikri har xil. Ba’zi deputatlar Ortiqxo‘jayev haqida yaxshi fikrda, ba’zilar esa jim turishni ma’qul ko‘rmoqda. Lekin hech kimdan Ortiqxo‘jayevning yaxshi ishlarini yoritaylik, degan fikr chiqmadi. Shuning uchun bu minnaddorlik barchaning nomidan emas. Xabarning olib tashlanishiga kelsak, taxminimcha, shunday buyruq bo‘lgan, tamom! Lekin bu haqida aniq ma’lumotim bo‘lmagani uchun fikrimni asoslay olmayman”, deydi Rasulov.
Uning Ortiqxo‘jayev masalasida shaxsiy fikriga, undan minnatdor yoki yo‘qligiga qiziqqanimizda esa sobiq hokimning yaxshi ishlari ko‘pligi bilan javob qaytardi.
“U o‘z faoliyati davomida ko‘p ijobiy ishlar qilgan. Hech kimda yo‘q jihati shuki, har bitta deputatga o‘z hududlaridagi muammolarni hal qilish uchun 2 mlrd so‘mdan pul ajratib bergan. Uning bu hislatiga, hatto, Rasul Kusherboyev ham tan bergani esimda. Bu esa haqiqiy jonkuyar deputatlar uchun maktablarni ta’mirlatish kabi masalalarda katta imkoniyat edi.
Shuningdek, “Sahovat va ko‘mak” xayriya fondining faolligini yetarli deb hisoblamay, har bir deputatning biriktirilgan hududlaridagi ehtiyojmandlar bilan muloqot qilib, ularga yordam pullari ajratgan. Shaxsan men ham o‘z hududimdagi 44 nafar odamga mablag‘ ajratilishiga erishganman”, deya Ortiqxo‘jayevning yaxshi ishlarini sanab berdi deputat.
Muxbirning kamchiliklar, ya’ni sobiq shahar hokimining xatolari haqidagi savoliga esa “uning xatolari haqida Prezident bilan hamfikrman”, degan javob berdi.
“Haqiqatdan ham qurilishlar ko‘payib ketdi. Eski infratuzilmani ta’mirlamay turib, yangi qurilishlarga yo‘l qo‘yilaverdi. Balki, Toshkent bosh plani tezroq amalga oshganida, boshqalar ham bunda faolroq bo‘lganida Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan haydalmasmidi?! U ham inson, uning ham kamchiliklari bor. Biroq hokim baribir strateg bo‘lishi kerak. Shuning uchun u ishdan olindi”, deya ta’kidladi deputat Rasulov.
Unday bo‘lsa nega deputatlar vaqtida uni ogohlantirmadi, nega vaqtida to‘xtatmadi? Bu savolga esa Rasulov quyidagicha javob berdi:
“Biz deputatlar unga bu haqida gapirganmiz. Shundan keyin rejalashtirilmagan qurilishlar soni keskin kamaydi. Masalan, 2021 yilda qurilishlarga yer ajratish bo‘yicha kelib tushgan 27 ta taklifning faqat ikkitasigagina ruxsat berildi. Qolgan 25 tasi Kengashning shu masalalarga javobgar komissiyasi tomonidan rad etilgan, lekin kech bo‘lgandi”.
Tahririyat aynan shu mavzuda Toshkent shahrining boshqa deputatlari bilan ham bog‘lanishga urindi. Biroq ularning aksariyati qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi. Javob berganlari ham turli sabablarga ko‘ra fikr bildirolmasligini aytdi. Masalan, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zosi Azamat Ziyo “orqadan gapirish odati yo‘qligi va bu mavzuda gapirishni xohlamasligi”ni aytib, intervyuni rad etdi.
Ayrim deputatlar esa kasalligi va yana ayrimlari band ekanini bildirib javobdan qochdi.
Lekin, aynan ular qachonlardir Ortiqxo‘jayevning qarorlarini xoh to‘g‘ri bo‘lsin, xoh xato bir ovozdan tasdiqlashda ishtirok etishgan.
LiveBarchasi