Odamlar o‘z ovozi evaziga deputatlardan nima so‘raydi?
Jamiyat
−
27 Oktabr
4405Bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekistonda Parlament saylovi o‘tkazilyapti. Saylov uchastkalarida esa erta tongdan ovoz berish jarayonlari boshlangan. Xo‘sh, ushbu muhim siyosiy jarayonda ishtirok etayotgan o‘zbekistonliklar o‘z ovozi evaziga deputatlardan nima so‘raydi? QALAMPIR.UZ mana shu savol bilan Toshkent shahrining eng chekka hududlaridan biri, Bektemir tumani, 809 saylov uchastkasiga kelgan saylovchilarga yuzlandi.
“Men o‘z ovozim evaziga deputatlardan bolalar bog‘chasi so‘ragan bo‘lardim. Yangi poliklinika qurilsa yaxshi bo‘lardi. Misol uchun bolalar maydonchasi ham kerak”, dedi saylovga ovoz berish uchun kelgan ayollardan biri.
Yana bir saylovchi esa Ekologik partiyaga ovoz berganini ochiqladi. U o‘z tanlovini izohlar ekan, Toshkent aholisi uchun eng katta muammo bu ekologiya ekanini ma’lum qildi.
“Hozir tabiatning havosi juda ham yomon. Biz yashaydigan hududda zavod va fabrikalar ko‘p, shunga ekologiyani yaxshilash kerak, deb o‘ylayman. Buning uchun yashil maydonlarni, daraxtlarni ham ko‘paytirish kerak. Hozir Toshkentda havo yaxshimasligi sabab hamma kasal”, dedi saylovchi.
“Bektemirda muammolar bor. Biz yaqindagina Toshkent shahriga qo‘shilganmiz. Bir yil bo‘lib qoldi. Endi elektr tizimi ham shaharnikiga ulanishi kerak. Sababi tez-tez o‘chib turadi. Shuningdek, kanalizatsiya tizimini yaxshilash kerak”, dedi saylovchi erkaklardan biri.
Umumiy qilib aytganda, bektemirliklar o‘z ovozi evaziga kichik narsalar – bog‘cha, maktab, maktab hojatxonasi, ariq, kanalizatsiya va elektr energiyasi so‘ramoqda. Ularning bu kichik talablari deputatlar tomonidan qondiriladimi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, mazkur Parlament saylovida 5 ta siyosiy partiya – O‘zLiDeP, “Xalq” demokratik partiyasi, “Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiyalardan nomzodlar ishtirok etmoqda. Ular oxirgi marta 2019 yilda Parlament saylovlarida kurash olib borgan edi.