Bizda qonunlar ishlaydi, o‘rtoq Mironov – O‘zbekiston deputati rossiyalik mavqedoshiga
Jamiyat
−
20 Oktabr
10082Avvalroq, Rossiyadagi “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” (SRZP) partiyasi raisi Sergey Mironov O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini Rossiyada urushga yollanmasligi haqidagi ogohlantirishiga qarshi chiqib, nega migrantlar ularni “boqayotgan” mamlakatni himoya qila olmasligini aytgandi va bunday migrantlar Rossiyaga kerak emasligini iddao qilgandi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa bunga javoban rossiyalik deputatga “bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini” aytdi.
“Birinchidan, biz vatandoshlarimiz boshqa davlatning urushlariga jalb qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz. Konsulligimiz fuqarolarimizni O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan harakatlardan himoya qilishi tabiiy va adolatli. Ikkinchidan, Vatandoshlarimiz o‘z mehnatlari bilan Rossiyaning iqtisodiyotiga hissa qo‘shyapti. Ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid qiluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlikdir”, deya yozgan deputat o‘zining Telegram sahifasida.
Bobur Bekmurodov o‘z so‘ziga qo‘shimcha tarzda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida”gi shartnomaning 7-moddasini eslatib o‘tgan. Unga ko‘ra, “Bir tomon fuqarolari va yuridik shaxslarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini boshqa tomon hududida kafolatlaydigan samarali choralar ko‘radi”.
“Bizda qonunlar ishlaydi. Sizlarda ham shunday bo‘lishi kerak. Bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, degan Oliy Majlis deputati.
Bundan oldin Mironovning ushbu gaplariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ham fikr bildirib, Rossiyani Mironovning o‘zi va yaqinlari himoya qilishi lozimligini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Qozon shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi fuqarolarni yana bir bor xorijiy davlatlar hududida jinoiy javobgarlik belgilangan harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirgandi. Bosh konsulxona bayonotida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan shaxs xorijiy davlatning fuqaroligiga tegishli deb e’tirof etilmasligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e’lon qilingan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bekor qilinishi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan, konsullik Jinoyat kodeksining 154-moddasiga (Yollanish) ko‘ra, xorijiy davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishi, ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini eslatib o‘tgandi.