Deputatlar 2021 yil uchun Davlat byudjetini qabul qildi

Jamiyat

image
image

Kecha, 1 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Ma’lum qilinishicha, birinchi o‘qish bilan ikkinchi o‘qish oralig‘ida bo‘lib o‘tgan fraksiyalar, mas’ul qo‘mita hamda ishchi guruh yig‘ilishlarida qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin takliflar bildirilgan.

Muhokamalar natijasida qonun loyihasining qator muayyan normalariga aniqlashtiruvchi tuzatishlar kiritilganidan tashqari tegishli moddalarga 23 ta prinsipial o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Deputatlarning o‘rinli takliflari asosida hukumat vakillarining roziligida loyiha 1 ta mutlaqo yangi modda bilan to‘ldirildi. 

Bundan tashqari, deputatlar taklifiga ko‘ra, 2021 yil uchun Davlat byudjeti loyihasida umumta’lim maktablarini jihozlash uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m, “El-yurt umidi” fondiga qo‘shimcha 32,5 milliard so‘m, Axborot-kutubxona markazlarida kutubxona fondini yangilash va to‘ldirish uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Majlisda deputatlar maktablar va ta’lim-tarbiya masalalariga yo‘naltirayotgan byudjet mablag‘larini qo‘paytirish imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya etgan. 

Shu bilan birga, xalq vakillarining Davlat byudjeti daromadlarining manbalari va xarajatlarini tahlil qilish natijasida davlat dasturlari doirasida ajratilishi lozim bo‘lgan mablag‘larni 2021 yil byudjetida aks ettirishga erishilgan. Jumladan, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholining sog‘lom ovqatlanishini, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga yangi mexanizmlarni joriy qilish xarajatlariga 63,4 milliard so‘m, yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini rivojlantirish dasturiga 104 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, kelgusi yillarda tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘idan keladigan tushumlarni alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i kabi hududlarga respublika aholisidagi ulushiga muvofiq taqsimlanishini hamda Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi soliq imtiyozlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazgan holda qayta ko‘rib chiqish va ularni bekor qilish yuzasidan takliflar bildirilgan.

Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilingan hamda Senatga yuboriladigan bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat byudjeti

Baholaganlar

134

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing