Deputatlar Hukumatni yo‘rig‘iga solmoqchi. Byudjet qabul qilinmasligi mumkin
Jamiyat
−
20 noyabr 2019
6531Aqval xabar berganimizdek, bu yil O‘zbekiston tarixida ilk bor davdat byudjeti qonun sifatida qabul qilinyapti. 14 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qizg‘in muhokama qildilar.
Mamlakatning bosh moliyaviy hujjatini taqdim etish amaliyotida ilk bor “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va 2020–2022 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi berilyapti.
Deputat Rasul Kusherboyev tajribada ilk bor qo‘llanilayotgan amaliyotga to‘xtalarkan, Davlat byudjeti qabul qilinmasligi xavfi borligini ochiqladi. Uning qayd etishicha, Hukumat deputatlarning talabini inobatga olmasa, Davlat byudjeti qaytarilishi mumkin.
"Ayni kunlarda Qonunchilik palatasida 2020 yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti loyihasi deputatlar muhokamasidan o‘tmoqda.
Bu safar Davlat byudjeti qonun sifatida qabul qilinadi.
Ta’kidlash joizki, byudjet loyihasiga deputatlarning talab va takliflaridan kelib chiqib, bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ustida Hukumat bilan muzokaralar olib borilyapti. Masalan, hamkasbimiz Abdurashid Abduqodirov hukumatdan barcha o‘rta ta’lim maktablariga yetarli miqdorda laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash va eskirgan o‘quv uskunalarini almashtirish bo‘yicha mablag‘larni ko‘paytirishni talab qilmoqda. Kamina o‘z o‘rnida saylovoldi dasturdagi rejamdan kelib chiqib, barcha ta’lim muassasalarini optik tolali internet aloqa vositasi bilan ta’minlash uchun yetarli mablag‘ ko‘zda tutilishini, shuningdek, mahalliy hokimliklar tomonidan fuqarolarning ko‘chmas mulklari buzilishi natijasida hamon qoplab berilmagan kompensatsiya pullarini markaziy byudjet hisobidan bo‘lsa ham to‘lab berish uchun alohida mablag‘ ajratilishini so‘ramoqdaman.
Shuringdek, deputatlar tibbiyot, qurilish, transport, soliqqa tortish bilan bog‘liq masalalarda byudjet loyihasini "korrektirovka" qilishmoqda.
Hukumat ko‘nmasa loyiha o‘tmasligi ham mumkin, bu bor gap. Har qalay o‘tgan yillardagi usullar yaxshigina saboq bo‘lgan bizga", deb yozadi Rasul Kusharboyev.
Agar Hukumat deputatlarning talablarini qondirsa, 21 noyabr, payshanba kuni yalpi majlisda 2020 yil uchun Davlat byudjeti qabul qilinishi mumkin.
LiveBarchasi