Keshbek o‘pqoni: Byudjetdan yana 3,2 mlrd so‘m o‘marildi

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida “Soliq Mobile” ilovasi orqali 3,2 milliard so‘m mablag‘larni keshbek sifatida talon-toroj qilgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.


Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar M.X., M.X., va K.I. o‘zaro til biriktirib, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida turli nomdagi guruhlar tashkil etgan. Ular tuzgan guruhlari orqali 7 ta MCHJlarga tegishli xarid cheklari uchun jismoniy shaxslarga 1 foizli va ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga 12 foizli keshbek summasini onlayn tarzda sotish bilan shug‘ullanib kelgan. Mazkur 7 ta MCHJlar tomonidan hech qanday moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, go‘yoki 3,3 trillion so‘mlik mahsulotlar va xizmatlar xarid qilinganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan. 

Shundan so‘ng, go‘yoki savdodan tushgan pullarni onlayn nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotganligi haqida xarid cheklarini chiqarib bergan. Bunda 211 584 nafar fuqaroga “Soliq Mobile” ilovasi orqali keshbek sifatida 28,5 milliard so‘m hisoblangan, shundan to‘lab berilgan 3,2 milliard so‘mni byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida bir guruh shaxslarning “Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 milliard so‘m mablag‘larni keshbek sifatida talon-toroj qilgani fosh etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona Byudjet Keshbek Soliq Mobile

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing