Deputat Rahmonova O‘zbekistonni bosib olish tahdidiga “o‘zbekona andisha” bilan javob qaytardi
Jamiyat
−
21 dekabr 2023
29164Hozirda Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi Zaxar Prilepinning sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qilmoqda. Oliy Majlis deputati Umida Rahmonova ham Prilepinning da’vosiga javob qaytardi.
“XXI asrda yashayapman deb o‘ylayapsizmi? Men ham shunday o‘ylashni xohlayman. Ha, bugungi dunyo taraqqiyot, innovatsion rivojlanish, inson huquqlari, ekologiya va shunga o‘xshash progressiv tashvishlar bilan yashasada, kimlardir davlat axborot agentliklari orqali (!) fashizm g‘oyalarini ochiqdan-ochiq olg‘a sursa, mutlaq suveren, mustaqil davlatlarni bosib olish kerakligini, bitta tilning boshqa tillardan ustunligini uqtirib tursa”, deb boshlanadi Rahmonovaning bayonoti.
Deputat bir necha kun oldin Rossiya o‘z suverenitetini shiddat bilan himoya qilishi zarurligi haqida eng yuksak minbarlardan gapirilganini, davlatning eng birinchi vazifasi ham shu ekanini eslatdi. Rahmonova xuddi shu huquqni (ya’ni, suverenitet huquqini) boshqa davlatlarga nisbatan buzishni esa g‘irt ikkiyuzlamachilik deb atadi.
“Shovinizm g‘oyalari imperializm g‘oyalari bilan qorishib ketishi natsizmdan ham jirkanchliroq mafkuraga olib kelishi ko‘z o‘ngimizda ro‘y beryapti. O‘sha soxta yozuvchilar irredentizm, fashizm, shovinizm, natsizm mafkuralarini o‘rganib chiqishlarini tavsiya qilaman. Va pichoqni oldin o‘zlariga urib ko‘rishlarini taklif qilaman”, deydi deputat.
U Prilepinga XX asrdagi natsistlar hujumidan jabr ko‘rgan ota-bobolariga o‘zbek xalqi yelkama-yelka turib yordam berganini, dushmanga qarshi jonini fido qilib jang qilganini, qanday boshpana berganini eslatib qo‘yadigan odam borligini so‘roq ostiga olgan.
“Fashistlarning oxiri nima bo‘lishini tarix qayta-qayta ko‘rsatgan. Arqonni uzunroq tashlab turaylik-chi”, deya xulosa qilgan Umida Rahmonova.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatgandi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini eslatdi.