Deputat Rasul Kusherboyev Ichki ishlar vaziri Bobojonovning iste’fosini talab qilyapti
Jamiyat
−
15 iyun 2020
53345Inson – unutguvchi. Andijondagi shafqatsizlik ham O‘zbekistonda shu bugungacha huquq-tartibot organlarida bo‘lgan qiynoqlar kabi unutiladi, albatta. Ammo paytdan foydalanib otni qamchilayotganlar, pozitsiyasini bildirayotganlar, munosabat ko‘rsatayotganlar talaygina. Natija bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham... Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ham ular orasida U o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Andijonda Ichki ishlar bo‘limi ma’muriy binosida Jinoyat qidiruv bo‘limi vakillari tomonidan shafqatsizlarga qiynoqqa solingan fuqaro A.Abdukarimovning vafot etishi haqida shunday deydi:
“Axborot texnologiyalarining keng rivojlanishi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi ortidan amalda axborot va so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi o‘zgarishlar sabab, bugun ko‘p sohalar qatori huquqni muxofaza qilish tizimidagi qonunbuzilish holatlari ham jamoatchilik tomonidan ochiq muhokama qilinmoqda.
Turli axborot manbalarida berilayotgan qiynoqlar bilan bog‘liq ma’lumotlar bu kabi salbiy illatlar afsuski tizimda uzoq yillar davom etib bugungi kunlarga ham ulanib ketayotganligini ko‘rsatmoqda: samarqandlik ayolning yechintirilishi, ichki ishlar binosida odamning o‘lib qolishi, andijonlik fuqaroning qiynoqlarga solinishi, Bosh prokuratura tergovchilarining “Bekobod ishi” doirasida odamlarni shavqatsiz qiynoqqa solishi va kuni kecha Andijonda qiynoqlar oqibatida bir insonning o‘lishi aslida inson huquqlarini ta’minlashni bo‘yniga olgan idoralarning ayrim “psixologik buzilgan” shaxslaridan oddiy odamlarni himoya qiladigan alohida kuchli tuzilma zarur bo‘lib qolganligini ko‘rsatmoqda. Balki ombudsman vakolatlarini oshirish kerakdir. Bilmadim...
Eng qizig‘i tizimga nisbatan ijodiy parodiya qilgan ijodkorlarni ham kechirim so‘rattirish darajasiga yetib kelgan “farishta” tizim rahbariyati o‘z xodimlari qonunbuzilishining og‘ir ko‘rinishlariga yo‘l qo‘yganda ham hokisor xalq oldida hech bo‘lmasa bir bor kechirim so‘ramasa. Manmanlik va kibr ham shunchalikmi, axir ularga vakolat bergan, ko‘klarga ko‘tarib siylagan shu xalq emasmi? Vaholanki, tizimni kulguga olgan ijodkorlar ham tanqid qilayotgan boshqalar ham ular kabi “odam o‘ldirish” darajasiga borishmayapti.
Istaymizmi-yo‘qmi har bir tizimdagi kamchilik yoki yutuq bevosita ushbu sohaga rahbarlik qilayotgan shasxlarning qobiliyati, xalqqa sodoqat, inson huquqlarini himoya qilish yo‘lida ishni tashkil qila olishiga bog‘liq.
Afsuski, jamoatchilikka ma’lum bo‘lib qolayotgan so‘nggi voqealar(aslida bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin) ichki ishlar tizimiga rahbarlik qilib kelayotgan shaxslarning faoliyatiga bo‘lgan yondoshuvni qayta ko‘rib chiqishni taqazo etmoqda. Hozirgi vazirimizni xalqparvar, deb eshitganman. Ammo bo‘lib o‘tgan holatlar ularning iste’fo vaqti yetib kelganini ko‘rasatayapti.
Hurmatli vazirimiz xalq oldida tizimning obro‘si tushishi, odamlarning e’tirozlari, xodimlarning bosar-tusarini bilmay IIBda qiynoq, o‘ldirish kabi ishlarni “tabiiy holga aylanib” borishida eng minimal darajada bo‘lsin aybdor. Va biz bu kabi ishlarni ularning rahbarlik davrida ko‘proq eshitayapmiz.
Hozir eng muhimi tizimni fuqaro bilan inson sifatida munosabat qila oladigan darajada isloh qilishga tayyor, Prezident tashabbusi bilan inson huquqlarini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlarni yuqori darajaga olib chiqishga qodir kadrlar bilan to‘ldirish va ortiqcha yuklardan xalos etish zarur.
Bizga xalq bergan vakolat, Prezident bildirgan ishonchni inson huquqlarini buzish emas, ta’minlash yo‘lida ishlatib, xalqni rozi qilish uchun mehnat qiladigan “tili va ishi bir” qonun himoyachilari kerak”.
LiveBarchasi