Denov va Kogonda paxta terimiga majburlandimi? Voqea tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

“Ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida fuqarolarning paxta terimiga majburiy tarzda yo‘naltirilgani hamda Buxoro viloyatining Kogon tumanida ayni jarayonga bolalarning jalb etilayotgani xususida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Denov va Kogon tumanlaridagi holat yuzasidan o‘rganish olib bordi va natijalarni e’lon qildi.

Voqea ishtirokchilarining aksariyati o‘z xohishiga ko‘ra paxta dalasida ekanini ta’kidlasada, Davlat mehnat inspeksiyasining o‘rganishlari ayni yo‘nalishda qonunbuzarlik holatlari qayd etilganini ko‘rsatdi, deyiladi xabarda.

Dastlab Denov tumanidagi holat xususida

Davlat mehnat inspeksiyasining Denov telekommunikatsiya bog‘lanmasida o‘tkazgan tekshiruvlarga ko‘ra, uning ishchilari: X.Botirova, B.Qurbonov va D.Soatovalar paxta terimiga majburiy tarzda jalb etilgan. Qonunchilikka zid harakatlari sabab tashkilot boshlig‘i Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan miqdorda jarimaga tortildi.

Denov tumani chorvachilikni rivojlantirish va veterinariya bo‘limi boshlig‘i ham qo‘l ostidagi ishchilarni paxta terimiga jalb qilgan. Shu sababdan unga ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan miqdorda jarima belgilangan.

Davlat mehnat inspeksiyasining o‘rganishlari Denov tumani Madaniyat bo‘limi xodimlarining paxta terimiga jalb qilinmaganini ko‘rsatdi. Ma’lum bo‘lishicha, ular 30 sentyabr kuni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan terimchilar uchun konsert dasturini uyushtirgan.

Shu kuni Denov tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ham paxta terimiga jalb qilinmagan. 30 sentyabr kuni ular o‘ziga biriktirilgan hududda o‘ziga yuklatilgan vazifani bajargan.

Kogondagi paxta terimiga voyaga yetmagan bolalar jalb etilganmidi?

Davlat mehnat inspeksiyasining o‘rganishlari Kogon tumani “Alinoz Shergiron” va “Barno Bahrom” fermer xo‘jaligidagi paxta terimi jarayonlariga voyaga yetmagan maktab o‘quvchilari jalb qilinmaganini ko‘rsatdi. Aniqlanishicha, bolalar paxta dalalari atrofida chorva mollari uchun o‘t tergan, shuningdek ota-onalariga tushlik uchun yegulik olib kelgan. Yurtimiz qonunchiligida bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilangan. Shunga qaramay mazkur vaziyatga bee’tibor bo‘lgani sabab “Alinoz Shergiron” va “Barno Bahrom” fermer xo‘jaligi rahbarlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 2-qismiga binoan jarimaga tortildi.

Shuningdek Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, ota-onalar orasida yurtimizda bolalar mehnatiga chek qo‘yilgani, ayni holatlar uchun qonunchilikda jazo choralari belgilangani yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. O‘z navbatda ulardan tushuntirish xatlari olindi.

Holat yuzasidan Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaga chora-tadbirlar ko‘rish hamda ota-onalar bilan tushuntirish-profilaktika ishlarini olib borish bo‘yicha taqdimnoma kiritilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Kogonda bolalarning majburiy mehnatga jalb qilinishi haqidagi xabarlar ortidan Xalq ta’limi vazirligi ham surishtiruv boshlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

paxta terimi Kogon Denov

Baholaganlar

38

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing